Ohangaronda chorvachilik salohiyati oshirilmoqda
Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali va oqilona foydalanish, chorvachilik tarmog‘ini kengaytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror va ijro
Mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlar Prezidentimizning 2025-yil 31-oktabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilmoqda. Ushbu hujjat chorvachilikni rivojlantirish, ozuqa bazasini kengaytirish va qishloq xo‘jaligi yerlaridan yanada samarali foydalanish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilyapti.
Qarorda oziqa ekinlari yetishtirish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda, umumiy paxta, g‘alla va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmagan qismida chorvachilik infratuzilmasini barpo etish imkoniyati nazarda tutilgan. Bu kabi yondashuv yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bilan birga, chorvachilik uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqib, Ohangaron tumanida fermer xo‘jaliklarining mavjud imkoniyatlaridan samarali foydalanish, chorva mollarini saqlash uchun zamonaviy va qulay sharoit yaratish, ozuqa zaxirasini shakllantirish hamda ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, ajratilgan yer maydonlarida yengil konstruksiyali molxonalar, chorva mollarini sug‘orish uchun suv rezervuarlari, yem-xashakni saqlashga mo‘ljallangan maxsus omborxonalar va chorvachilik faoliyati uchun zarur boshqa infratuzilma ob’ektlari barpo etilmoqda.
Tumandagi “Suxrob taraqqiyoti bog‘i surx” fermer xo‘jaligida ham chorvachilik yo‘nalishini kengaytirish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, xo‘jalikka qarashli 20 sotix yer maydonida yengil tipdagi zamonaviy molxona qurilmoqda. Ayni paytda bu yerdagi qurilish-montaj ishlarining 80 foizi bajarilgan. Yangi inshootning barpo etilishi chorva mollarini saqlash uchun zarur sharoitlarni yaxshilash, chorvachilik yo‘nalishini kengaytirish va kelgusida mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.

Xo‘jalikda chorvachilik uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hozirga qadar 350 tonna ozuqa zaxirasi shakllantirilgan. Bu esa chorva mollarini yil davomida to‘yimli ozuqa bilan ta’minlash, mahsuldorlikni oshirish va chorvachilik mahsulotlari yetishtirish barqarorligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Fermer xo‘jaligida chorvachilikni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, mahsuldor chorva mollari sonini ko‘paytirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Rejaga ko‘ra, joriy yil sentabr oyida Rossiya Federatsiyasidan 66 bosh naslli qoramol olib kelinishi ko‘zda tutilgan. Naslli mollar sutchilik yo‘nalishida parvarish qilinib, kelgusida xo‘jalikda sut ishlab chiqarish hajmini sezilarli oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Umuman, nasldor chorva mollarini ko‘paytirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida parvarishlash va ozuqa bazasini mustahkamlash chorvachilik tarmog‘ida mahsuldorlikni oshirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
A.Musayev, O‘zA