Mahallada fidoyilik: ijtimoiy himoyada samarali faoliyat
Mahallada faoliyat yuritayotgan ijtimoiy xodimlar nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi, balki og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan oilalarning yaqin ko‘makchisi, maslahatdoshi va ishonchli tayanchi sifatida muhim o‘rin tutadi. Ular aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ana shunday fidoyi xodimlardan biri Marjona Ganjiyeva. U Qarshi shahridagi “Kunchiqar” mahalla fuqarolar yig‘inida 2025-yil oktabr oyidan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Uning ish faoliyati mahalladagi aholi bilan bevosita muloqot o‘rnatish, muammolarni aniqlash, yordamga muhtoj oilalarni ro‘yxatga olish va ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatishni qamrab oladi.
Kunchiqar mahallasida 4 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Shundan 137 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar, 80 ta oila esa “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan. Qisqa vaqt ichida Marjona Ganjiyeva tashabbusi bilan bir qator amaliy ishlar bajarildi. Xususan, bitta “mini ijtimoiy loyiha” hayotga tatbiq etildi, 23 ta ijtimoiy ish tashkil qilinib, o‘nlab oilalarning turmush sharoitini yaxshilashga zamin yaratildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida ehtiyojmand oilalarga zarur yordamlar ko‘rsatilib, mahalla miqyosida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligi oshdi. Bu esa aholi o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shubhasiz, ana shunday fidoyi ijtimoiy xodimlar faoliyati mahallalarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam poydevor yaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri