Tez tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “Tez tibbiy yordamni tashkil etishning dolzarb muammolari – 2026” mavzusida xalqaro malakali mutaxassislar ishtirokida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasidagi 300 nafardan ortiq mutaxassis, ekspert va olimlar ishtirok etdi.
Jumladan, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Koreya, Turkiya, Yaponiya, Singapur, Indoneziya, Belarus Respublikasi, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi kabi 10 dan ortiq xorijiy davlat vakillari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar ekspertlari ma’ruzalar qilib, o‘z tajribalari, yutuqlari va innovatsion yechimlari bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etilganidek, rivojlangan mamlakatlarda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga erishish, eng avvalo, aholi salomatligi darajasi bilan belgilanadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga (IHTT) a’zo mamlakatlarda tez tibbiy yordam tizimini raqamlashtirish 2021-yilda o‘rtacha 93 foizdan oshdi, 2012-yilda esa bu ko‘rsatkich 70 foizni tashkil etgan edi.
[gallery-28707]
Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayonida raqamli transformatsiya, shuningdek, ma’lumotlar almashinuvi va qog‘oz tibbiy hujjatlarni raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimlarini joriy etish, tez tibbiy yordamda vertikal boshqaruv tizimini tashkil etish, “koll-markaz”larni joriy etish va xizmatning moddiy-texnik bazasini takomillashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori doirasida Respublika tez tibbiy yordam markazi tashkil etilib, vertikal boshqaruv tizimi joriy etildi. Ushbu tizimga 103 xizmatiga qo‘ng‘iroqlarni qabul qiluvchi 14 ta filial va 14 ta alohida “Koll-markaz” shuningdek, 184 ta stansiya, 40 ta podstansiya va 1 ming 489 ta tayanch punkti, shuningdek, 3 ming 987 ta tez tibbiy yordam mashinasi va 66 ming 802 nafar xodim birlashtirildi. Bundan tashqari, tez tibbiy yordam tizimini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Tez tibbiy yordam xizmatining raqamli ma’lumotlar bazasini boshqarishga uslubiy yondashuv asosida MedData 103 raqamli platforma ishlab chiqilgan bo‘lib, u bemorlar, chaqiruvlar va umuman xizmat faoliyati haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish imkonini kengaytiradi.
Dasturiy ta’minot real vaqt rejimida ma’lumotlar almashinuvi, vizual nazorat, tizimli tahlil va moslashuvchan boshqaruvni ta’minladi. 14 ta yagona raqamli koll-markazning tashkil etilishi natijasida qo‘ng‘iroqlarni qabul qilish vaqti 6-8 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, qo‘ng‘iroqlarni brigadalarga yo‘naltirish vaqti 10-20 daqiqadan 1-2 daqiqagacha, tez yordam brigadasining yetib kelish va yordam ko‘rsatish vaqti 20-30 daqiqadan 12-15 daqiqagacha, kechikishlar esa 15 foizdan 8-9 foizgacha qisqardi.
Aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash, ularga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali erta o‘lim va nogironlik holatlarini kamaytirish, bemorlarni sog‘lomlashtirish hamda reabilitatsiya qilish tizimini yaratish, shuningdek, aholiga kardiologik va nevrologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish maqsadida davlatimiz rahbarining joriy yil 20-yanvarda “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatda tez tibbiy yordam xizmatiga qator vazifalar belgilangan, ya’ni brigadalar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan telemetrik elektrokardiograflar va monitorli defibrillyatorlar bilan jihozlanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2026-yil 1-martga qadar Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, 2026-yil 1-sentabrga qadar bosqichma-bosqich Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda tez tibbiy yordam xizmati xodimlarini – o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni tashxislash (infarktda EKG-telemetriya, insultda FAST algoritmi va boshqalar), bemorlarda tromb erituvchi muolajalarni o‘tkazish hamda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha qisqa va uzoq muddatli malaka oshirish kurslarida o‘qitish, xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlarini (clinical pathways) amaliyotga joriy etish, shuningdek, tez tibbiy yordam koll-markazlarida “Kardiologiya postlari”ni tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Eng yaxshi tez tibbiy yordam brigadasi” xalqaro ko‘rik-tanlovida jami 19 ta jamoa ishtirok etdi. Ular orasida mamlakatimizning barcha hududlari bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston va Andijon tibbiyot institutlari hamda Rossiya (Ufa), Belarus (Minsk) va Qozog‘iston (Semey) shaharlaridan kelgan jamoalar bellashdi.
Musobaqalar jarayonida ishtirokchilar birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, yurak-o‘pka reanimatsiyasini amalga oshirish, yo‘l-transport hodisalarida jabrlanganlarga yordam berish kabi muhim yo‘nalishlarda o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Bu esa ularning kasbiy tayyorgarligi va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatini yaqqol ko‘rsatdi.
Yakunlarga ko‘ra, uchinchi o‘rin Qozog‘iston Respublikasi jamoasi va Farg‘ona viloyati filialiga, ikkinchi o‘rin Belarus jamoasi hamda Qoraqalpog‘iston filialiga nasib etdi. Faxrli birinchi o‘rin esa Rossiya Federatsiyasining Ufa shahri jamoasi bilan bir qatorda Samarqand viloyati filiali jamoasiga nasib etdi.
G‘oliblar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Shuningdek, konferensiya yakunida tez tibbiy yordam tizimidagi namunali va faol xodimlar “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi”, “Respublika tez tibbiy yordam xizmati a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.