Mahalla yettiligi — bandlik va farovonlikni ta’minlashda yangi mexanizm
So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish va mahallalar iqtisodiy salohiyatini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, mahalla tizimi orqali aholi muammolarini joyida hal etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan mexanizmlar izchil takomillashtirilmoqda. Bu borada “mahalla yettiligi” institutining faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, ushbu tizim mahallada bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish kabi vazifalarni kompleks tarzda amalga oshirishga xizmat qiladi. Ushbu mexanizm orqali mahalladagi iqtisodiy imkoniyatlar o‘rganilib, har bir xonadonning daromad manbai va ehtiyojlari tahlil qilinadi. Shu asosda aholiga ish topish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish yoki kasb-hunar o‘rganish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Buxoro viloyati misolida oladigan bo‘lsak, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish orqali aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yilda respublika miqyosida 1 million aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 181 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobarga oshirib 3,5 mingtaga yetkazish hamda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizga tushirish bo‘yicha vazifalar belgilab olingan.
Ushbu vazifalar doirasida Buxoro viloyatida ham aniq rejalar ishlab chiqilgan. Jumladan, joriy yilda 51 ming nafar aholini doimiy ish bilan ta’minlash, 10 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish hamda kambag‘allikdan xoli mahallalar sonini 199 taga yetkazish maqsad qilingan. Bu esa mahallalarda tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Mazkur vazifalarni amalga oshirishda tadbirkorlikni rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash muhim omil hisoblanadi. Shu maqsadda mahallalarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion so‘m miqdorida kredit ajratilishi belgilangan. Ta’kidlash joizki, 2025-yilda ushbu ko‘rsatkich 130 trillion so‘mni tashkil etgan. Demak, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami izchil kengaymoqda.
Shuningdek, “oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 5,6 trillion so‘m resurs ajratilishi rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar hisobidan import qilingan va sertifikatli naslli chorva mollari hamda tuyachilikni rivojlantirish uchun 100 million so‘mgacha, uy mehmonxonasi tashkil etish, kichik hajmli muzlatkichlar, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyalari uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratish imkoniyati yaratiladi.
Ayniqsa, chegara va anklav hududlarida joylashgan 563 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlik loyihalari uchun kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshirilishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi vaqtda mazkur ko‘rsatkich 300 million so‘mni tashkil etadi. Bu esa ushbu hududlarda ham iqtisodiy faollikni oshirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy iqtisodiy munosabatlarda raqamli texnologiyalarni joriy etish ham muhim ahamiyatga ega. Shu bois “oilaviy tadbirkorlik” kreditlari doirasida uskuna va xom ashyoni xarid qilishda elektron marketpleyslar orqali mahsulotlarni erkin sotib olish mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Ayni paytda bunday xaridlar asosan “Smart market” elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, “oilaviy tadbirkorlik” dasturi bo‘yicha muammoli kreditlarni undirish maqsadida yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, hokim yordamchisi tomonidan 2022-yilgacha ajratilgan kreditlarning muammoli qismi qaytarilgan taqdirda ushbu summaning 20 foizi, 2025-yilgacha ajratilgan kreditlar bo‘yicha muammoli qarzlar qaytarilganda esa qaytarilgan mablag‘ning 10 foizi bonus sifatida ajratilishi nazarda tutilgan.
Mahallalar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar ham muayyan taklif va mulohazalarni yuzaga chiqardi. Masalan, 8 foiz holatda KPI baholash tizimida inson omili mavjudligi qayd etilgan. 5 foiz holatda esa KPI tizimi o‘rniga rahbar tomonidan baholash tizimiga o‘tish zarurligi bildirilgan. Shuningdek, 12 foiz holatda faoliyatga asossiz aralashish holatlari mavjudligi qayd etilgan.
Faoliyatni muvofiqlashtirish masalasida ham turli fikrlar bildirilgan. Jumladan, 45 foiz holatda bu vazifani hokimlik orqali muvofiqlashtirish maqsadga muvofiqligi aytilgan bo‘lsa, 29 foiz holatda bandlik organlari orqali muvofiqlashtirish zarurligi ta’kidlangan. 14 foiz holatda esa mahalla mustaqil boshqaruv organi sifatida faoliyat yuritishi kerakligi qayd etilgan.
“Mahalla loyihasi” doirasida mahallalarni iqtisodiy jihatdan chuqur ixtisoslashtirish choralari ham belgilangan. Bu maqsadlar uchun tijorat banklari tomonidan 2026-yilda 17 trillion so‘mlik kredit ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bunda mahallada mahsulot yetishtirish uchun olingan kreditning 4 foizi, qayta ishlash loyihalarida esa 6 foizi Tadbirkorlik kompaniyasi tomonidan qoplab beriladi.
Kambag‘al oilalar daromadini oshirish bo‘yicha ham yangi tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 2 ming gektar o‘rmon yerlarida tut plantatsiyalari tashkil etish belgilangan. Bu tashabbus doirasida 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan yer maydoni 10 yil muddatga bepul foydalanish uchun ajratiladi. Jumladan, Buxoro viloyatida 225 gektar yer maydonida bunday plantatsiyalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, “og‘ir” mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. 63 ming xonadonni “yashil” ta’mirdan chiqarish bo‘yicha ikki yillik dastur amalga oshiriladi. Ixtisoslashuv darajasi yuqori bo‘lgan yana 1 mingta ilg‘or mahallada kichik quyosh elektr stansiyalari qurilib, ular mahallalarga 7 yil muddatga foizsiz lizing asosida beriladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalar 3-4 yil ichida o‘zini qoplaydi. Keyingi 20-25 yil davomida esa mahalla byudjetiga yiliga o‘rtacha 400-500 million so‘m daromad keltirishi mumkin.
Umuman olganda, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2026-yil yakuniga qadar 37 ta “og‘ir” tuman va 903 ta mahallada 61 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlik va kambag‘allik darajasini ikki barobar kamaytirish hamda “Yangi O‘zbekiston” qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Bu jarayonlar natijasida jami 96 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.
Shubhasiz, mahalla institutini yanada kuchaytirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bunday tashabbuslar aholi farovonligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va mahallalarni haqiqiy taraqqiyot nuqtasiga aylantirishga zamin yaratadi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA