Madyar Vengriyaga ajratilgan mablag‘ni olish uchun Yevrokomissiya talabini qabul qiladi
Vengriya parlamenti saylovida g‘alaba qozongan “Tisza” partiyasi yetakchisi Peter Madyar YeI hisobidan Vengriya uchun ajratilgan mablag‘ muzlatilishi bekor qilinishi masalasini Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan yana bir bor muhokama qilgani va zarur qaror qabul qilishga tayyorligini aytdi.
Avvalroq Madyar Ursula fon der Lyayen bilan muzlatilgan Yevropa Ittifoqi mablag‘idan 20 milliard yevroni qaytarish bo‘yicha muzokara olib borganini ma’lum qilgan edi. “Financial Times” YeI rasmiylariga tayanib, yanayam oldinroq tashkilot yangi yetakchidan ushbu mablag‘ni olish uchun 27 shart bajarilishi talab etilishidan ogohlantirgani haqida yozgan.
– YeK rahbari Ursula fon der Lyayen bilan yana bir muhim telefon suhbati o‘tkazdim, – deb yozgan Madyar ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. – Biz eng muhim va ustuvor vazifa – YeI mablag‘idan trillionlab forintni ozod qilishga kelishdik. “Tisza” hukumati endi Vengriya xalqi, muassasalari va kompaniyalari manfaatini ko‘zlab zarur siyosiy qarorlar qabul qiladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ursula fon der Lyayen “YeK qisqa vaqt ichida muayyan natijaga erishish va vengr xalqi o‘zi haqli hisoblangan YeI taraqqiyot jamg‘armalariga iloji boricha tezroq kirishini ta’minlash uchun yangi hukumat bilan yaqin hamkorlik qiladi”, degan.
Ma’lumki, 12-aprel kuni Vengriyada parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Peter Madyarning “Tisza” partiyasi Viktor Orbanning “Fides” partiyasiga nisbatan sezilarli ustunlikka ega bo‘lib, mamlakatni boshqarish huquqini qo‘lga kiritdi.
S.Rahimov, O‘zA