“Made in Afghanistan Expo – Tashkent 2026” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi (+video)
Ochilish marosimida ikki davlatning rasmiy vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari, biznes doiralari vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi. Xususan, Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi qariyb 120 nafar ishbilarmonlar delegatsiyasi ko‘rgazmaning asosiy ishtirokchilari sifatida qatnashdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar mazkur ko‘rgazma ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Qayd etilganidek, bunday platformalar tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, ishonchli hamkorlik munosabatlarini shakllantirish va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil yakuniga kelib ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi qariyb 1,68 mlrd AQSH dollariga yetgan. Jumladan, O‘zbekistonning Afg‘onistonga eksporti 1,53 mlrd dollar, import hajmi esa 145 mln dollardan ziyodni tashkil etgan. Bu esa o‘zaro savdo aylanmasi o‘tgan davrga nisbatan 50 foizga oshganini ko‘rsatadi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda afg‘on kapitali ishtirokida 600 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Ko‘rgazma doirasida Afg‘onistonda ishlab chiqarilayotgan turli yo‘nalishlardagi mahsulotlar — oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, qurilish materiallari, to‘qimachilik, zargarlik buyumlari, gilamlar hamda milliy hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilmoqda. Bu esa tashrif buyuruvchilarga afg‘on ishlab chiqaruvchilarining salohiyati va eksport imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UlZ5hijjpHw" title="“Made in Afghanistan Expo – Tashkent 2026”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ziyovuddin Nuriddinov, Oybek Davronov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA