Lyuchjou marafoni ekologik taraqqiyot va xalqaro hamkorlik timsoli
Xitoy Xalq Respublikasining Lyuchjou shahrida 2026-yil 29-mart kuni an’anaviy xalqaro marafon musobaqasi tashkil etildi. Unda 25 ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etib, musobaqa global sport hamjamiyatining e’tibor markazida bo‘ldi.
Marafon dasturidan to‘liq (42,195 kilometr) va yarim (21,0975 kilometr) masofalar o‘rin oldi. Musobaqa yo‘nalishi o‘zining noyob shakli va betakror tabiiy manzaralari bilan ajralib turadi. Lyutszyan daryosi bo‘ylab cho‘zilgan trassa shahar infratuzilmasi, tabiiy muhit va madaniy meros ob’ektlarini uyg‘unlashtirgan holda ishtirokchilar uchun qulay va jozibador sharoit yaratdi.

Bahor faslida bauginiya (manzarali gullovchi daraxt) daraxtlarining ommaviy gullashi natijasida marafon yo‘nalishi go‘yoki gullar bilan bezatilgan tabiiy galereyaga aylanadi. Bu esa musobaqaning xalqaro nufuzini yanada oshirib, uning “eng go‘zal marafon trassalaridan biri” sifatida e’tirof etilishiga zamin yaratgan.
So‘nggi yillarda Lyuchjou shahrida amalga oshirilgan keng ko‘lamli ekologik islohotlar, jumladan, suv resurslarini muhofaza qilish, yashil hududlarni kengaytirish va “shahar-bog‘” konsepsiyasini joriy etish natijasida barqaror rivojlanish ta’minlanmoqda. Bu jarayonlar Xitoyda ekologik siyosat ustuvor yo‘nalish sifatida izchil amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, shuningdek, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bunday yirik xalqaro tadbirlar esa xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Lyuchjou marafoni nafaqat sport musobaqasi, balki zamonaviy shaharsozlik, ekologik barqarorlik va madaniy merosni targ‘ib etuvchi muhim xalqaro platforma sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA