Qirg‘izistonda “Starlink” sun’iy yo‘ldosh interneti ishga tushdi
Qirg‘iz Respublikasida amerikalik tadbirkor Ilon Maskning “SpaceX” kompaniyasiga tegishli “Starlink” sun’iy yo‘ldosh interneti rasman faoliyat boshladi. Joriy yil 23-maydan e’tiboran mamlakat loyihaning global xaritasida "xizmatdan foydalanish mavjud” bo‘lgan hududlar qatoriga kirdi.
Endilikda mahalliy aholi va tashkilotlar “Starlink” platformasi orqali tariflar bilan tanishib, yuqori tezlikdagi internetga ulanish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri ariza topshirishlari mumkin.
Hukumatning bildirishicha, loyihani yo‘lga qo‘yish uchun barcha zarur texnik, huquqiy hujjatlar va ruxsatnomalar to‘liq rasmiylashtirilgan. Ushbu texnologiya, ayniqsa, oddiy aloqa infratuzilmasi yetib borishi qiyin bo‘lgan chekka va tog‘li hududlardagi aholi punktlari, maktab hamda shifoxonalarni sifatli internet bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Hozirda “Starlink” dunyoning yuzdan ortiq davlatida ishlamoqda. Markaziy Osiyoda ushbu tizimni avvalroq Qozog‘iston va Tojikiston joriy etgan bo‘lsa, Qirg‘iziston mintaqada ushbu zamonaviy texnologiyadan rasman foydalanishni boshlagan navbatdagi mamlakat bo‘ldi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA