Kunduzgi parvarish xizmati imkoniyati cheklangan bolalarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi
Kunduzgi parvarish xizmati — nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oilalari uchun muhim ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimlaridan biri hisoblanadi. Ushbu xizmat orqali bolalarga nafaqat parvarish, balki tarbiya, ijtimoiy moslashuv va hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur xizmatga, asosan, serebral falaj tashxisi qo‘yilgan va GMFCS klassifikatsiyasiga ko‘ra 4-5 darajadagi bolalar, shuningdek turli darajadagi aqliy zaiflik (yengil, mo‘’tadil, og‘ir va chuqur) hamda ko‘r-kar-soqovlik holatidagi bolalar qabul qilinadi.
Bu esa eng ko‘p e’tibor va g‘amxo‘rlik talab qiladigan toifadagi bolalarni qamrab olishga xizmat qiladi.
Kunduzgi parvarish markazlarida bolalar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratilib, ularning tengdoshlari bilan muloqot qilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, bolalarga mustaqil hayotga tayyorlovchi turli ko‘nikmalar o‘rgatiladi, jamiyatga integratsiyalashuv jarayoni qo‘llab-quvvatlanadi. Bu jarayonda ota-onalarga ham psixologik va amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning yuki yengillashtiriladi.
Davlat tomonidan ushbu sohani rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik sub’ektlariga qator rag‘batlantiruvchi mexanizmlar joriy etilgan. Xususan, kunduzgi parvarish xizmatini ko‘rsatgan har bir kun uchun subsidiya ajratiladi. 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi, 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa 27 foizi miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Shuningdek, viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlarida faoliyat yuritayotgan markazlar uchun subsidiya miqdoriga 1,1 koeffitsiyent qo‘llanilishi belgilangan. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari uchun esa qo‘shimcha ravishda subsidiyaning 30 foizi miqdorida mablag‘ ajratilishi nazarda tutilgan.
Umuman olganda, kunduzgi parvarish xizmati nafaqat bolalarning rivojlanishi, balki ularning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Bu tizim orqali oilalar qo‘llab-quvvatlanib, imkoniyati cheklangan bolalar uchun yanada yorqin kelajak yaratishga zamin hozirlanadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA