Kubok poytaxtga ketdi
Namangan shahar o‘quv sport texnika markazida kord aviamodel sporti bo‘yicha mamlakat kubogining final bosqichi o‘tkazildi.
Ushbu musobaqada Namangan, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridan kelgan to‘qsonga yaqin sportchilar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashdi.

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti tashkil etilganining 35 yilligiga bag‘ishlangan musobaqa sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish, yoshlarning ushbu yo‘nalishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga xizmatt qiladi.

Bellashuvlarda ishtirokchilar kordli aviamodellarning figurali uchish, havo jangi, tezlik modellari, havo poygasi va nusxa modellari kabi yo‘nalishlarda o‘z mahoratini ko‘rsatishdi.

Musobaqa davomida sportchilarning texnik tayyorgarligi, aviamodellarni boshqarish mahorati, aniqlik va tezkorligi sinovdan o‘tdi. Har bir yo‘nalishda ishtirokchilar yuqori natijalar va g‘oliblik uchun intildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Toshkent viloyati vakillari birinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston kubogi sohibi bo‘lishdi. Ikkinchi o‘rin Toshkent shahri jamoasiga, uchinchi o‘rin esa Farg‘ona viloyati sportchilariga nasib qildi.
Musobaqa g‘olib-sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan munosib ravishda taqdirlanishdi. Sovrinlarni o‘z egalariga “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A’loxo‘jayev topshirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri