Toshkentda yubiley jahon chempionati: 90 davlatdan sportchilar kurashadi
Joriy yilning 6–8-noyabr kunlari poytaxtimiz Toshkentda sambo bo‘yicha 50-jahon chempionati musobaqalari o‘tkazilishi munosabati bilan yurtimizga dunyo yakkakurashlar olamida nom qozongan 35 ga yaqin sport ustalari kelishi kutilmoqda.
Kuni kecha Xalqaro sambo federatsiyasi mazkur jahon chempionatiga doir kengaytirilgan ma’lumotlarni taqdim etdi. Jahonning eng kuchli sambochilarini Toshkent sport maydonida birlashtiradigan yubiley jahon chempionatida 90 dan ortiq mamlakat sportchilari kurash olib boradi.
50-jahon chempionati munosabati bilan yurtimizga sambo olamining afsonaviy sportchilari kelishi kutilmoqda.

Ular orasida yakkakurashlar dunyosida g‘alabalari bilan tanilgan Fyodor Yemelyanenko, Islom Maxachev, hamyurtlarimiz, bir necha bor jahon chempionligiga erishgan Bobomurod Fayziyev, Feruz Agzamov, Shavkat Jo‘rayev singari 20 da ziyod sambochilar bor.
Sambo bellashuvlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”ning "Jamoaviy sport turlari" arenasida bo‘lib o‘tadi.
Jahon chempionati dasturidan erkaklar va ayollar o‘rtasida uchta yo‘nalish — sport, jangovar hamda ko‘zi ojizlar uchun sambo musobaqalari o‘rin olgan. Uch kun davomida sportchilar 33 ta medallar jamlanmasi yo‘lida kurash olib boradi.
Jahon chempionatining umumiy mukofot jamg‘armasi 363 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, oltin medal sohiblari 4 ming, kumush medalni qo‘lga kiritganlar 3 ming va bronza medalga ega chiqqan sambochilar 2 ming AQSH dollari bilan taqdirlanadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA