Korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish bugun davlat siyosatidagi eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylangan. Ayniqsa, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida qonuniylik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, davlatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ana shu maqsadda Buxoro viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishni hududiy inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosari L. Ulug‘ov ochib, tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga mutlaqo murosa qilinmasligini alohida ta’kidladi. Qayd etilganidek, har bir davlat xizmatchisi o‘z vazifasini halollik, vijdonan yondashuv va yuksak mas’uliyat bilan bajarishi, davlat xizmati sha’ni va obro‘sini saqlashi zarur.
Tadbir davomida sohada ochiqlik va shaffoflikni yanada kuchaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarida xolislikni ta’minlash, fuqarolar murojaatlarini qonun talablari asosida adolatli ko‘rib chiqish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, xizmat intizomini mustahkamlash, profilaktik tadbirlarni kengaytirish va xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish korrupsiyaning oldini olishdagi eng samarali vositalardan biri ekani qayd etildi.

Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri sifatida joriy yilning 22-iyun kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Qonuni mazmun-mohiyatiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Unda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida komplayens-nazorat tizimi samaradorligini oshirish, davlat xaridlarida korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish, shuningdek, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni huquqiy himoya qilishga qaratilgan muhim yangiliklar ishtirokchilarga batafsil tushuntirildi.
Ta’kidlanganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki har bir rahbar va har bir davlat xizmatchisining shaxsiy mas’uliyati hisoblanadi. Halollik, ochiqlik va adolat tamoyillariga sodiqlik esa davlat boshqaruvining eng muhim mezonidir.
Yig‘ilish yakunida tizimda sog‘lom ish muhitini yanada mustahkamlash, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini oshirish, korrupsiyadan xoli faoliyatni ta’minlash hamda targ‘ibot va tushuntirish ishlarini izchil davom ettirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri