Kongress ishtirokchilari Buxoroda
Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasida ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan nufuzli xalqaro anjuman – Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi doirasida ishtirokchilar ko‘hna va boqiy Buxoro shahriga tashrif buyurdi.
Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi – oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish, akademik almashinuv dasturlarini rivojlantirish, innovatsion ta’lim modellarini joriy etish hamda xalqaro integratsiyani kuchaytirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni hisoblanadi.
Kongress ishtirokchilari Buxoro temir yo‘l vokzalida milliy an’analarga xos samimiy ruhda kutib olindi. Mehmonlarga yurtimizga xos mehmondo‘stlik namoyon etilib, ularning tashrifiga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif davomida mehmonlar Buxoroning boy tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Jumladan, ular Labi Hovuz ansambli, Karvonsaroylar, Savdo rastalari – Toqlar, Ark qo‘rg‘oni, Sitorai Mohixosa saroyi kabi noyob va betakror me’moriy obidalarni ziyorat qildi. Ushbu tarixiy yodgorliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Kongress ishtirokchilari Buxoro davlat tibbiyot institutida ham bo‘lib, talabalar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ilmiy laboratoriyalar, o‘quv bazasi hamda ta’lim jarayonining innovatsion yondashuvlari bilan tanishdi. Mutaxassislar tayyorlashda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar va xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-28782]
Buxoro shahriga amalga oshirilgan ushbu tashrif nafaqat kongress ishtirokchilari uchun madaniy-ma’rifiy ahamiyatga ega bo‘ldi, balki Markaziy Osiyo va Yevropa oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Bu kabi tashriflar kelgusida qo‘shma loyihalar, ilmiy izlanishlar va akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.