Ko‘ngil shoiri bilan uchrashuv
Ijod — dunyo mo‘’jizalari ichra noyob mo‘’jiza. She’riyat esa ana shunday mo‘’jizaning eng nodir namunasidir. Olimlar fikricha, qaysi davr haqida aniq tasavvur hosil qilishni istasangiz, o‘sha davrda yaratilgan she’rlarni o‘qing. Chunki unda zamon nafasi mujassam.
O‘zbek she’riyatida o‘zining betakror ijodi bilan muhim o‘rin tutuvchi O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim ham tom ma’noda ko‘ngil shoiri. Uning she’rlari inson qalbining eng nozik torlaridan taralgan kuyga o‘xshaydi.
Alisher navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ana shunday dilbar shoir bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda shoirning chin muxlislari ishtirok etdi. Oliygoh professori Nusratullo Jumaxo‘ja shoir ijodining o‘zbek adabiyotida tutgan o‘rnini ta’kidlab, uni buyuk shoir Mayakovskiy bilan o‘xshash jihatlarini e’tirof etdi.

Mazkur uchrashuvda tomoshabinlar shoir qalbi haqiqatan qarimasligiga amin bo‘ldi. Negaki, Usmon Azim tomonidan o‘qilgan she’rlar otashin muhabbat, keng falsafiy xulosalar hamda nozik his-tuyg‘ularni o‘zida jamlagan. Shoirning samimiyligi, hazil-mutoyibaga boy suhbati tadbir ruhiyatining ko‘tarinki tus olishini ta’minladi. Shuningdek, talabalar bevosita o‘zlari qiziqtirgan savollariga shoirdan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.
—She’riyatga mehr qo‘yishimga aynan Usmon Azimning ijodi muhim o‘rin tutgan, — deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti uchinchi bosqich talabasi Eldor Yoqubov. —Bugungi kun men uchun go‘zal kun sifatida xotiramda qoladi. Negaki, men sevimli ijodkorim bilan bir davrada bo‘lish baxtiga muvaffaq bo‘ldim.
Universitetning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva Usmon Azim nafaqat nazmda, balki dramaturgiyada ham salmoqli ijod qilganini ta’kidladi.
Xususan, uning Cho‘lponga bag‘ishlangan “Kunduzsiz kechalar” dramasi teatrimizning shoh asari ekanini e’tirof etdi. Shundan so‘ng shoirga oliygoh rahbariyati tomonidan minnatdorlik sifatida o‘ziga xos sovg‘alar ulashildi. Bu esa shoirga o‘zgacha zavq bag‘ishladi.
Sherbek Islomov, O‘zA