KOMPOZITOR YARATGAN IJOD BOGʻI BUGUN OʻZGACHA CHIROY OCHMOQDA
XX-XXI asr oʻzbek va qoraqalpoq musiqa madaniyati va sanʼati, kompozitorlik ijodiyoti rivojlanishiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi madhiyasining muallifi, kompozitor Najimaddin Muhammeddinov ismini eshitmagan yurtdoshimiz boʻlmasa kerak.Kompozitor Najimaddin Muhammeddinov 1937-yil 26-avgustda Taxtakoʻpir tumani Qoraoʻzak shaharchasida tavallud topgan. 1956-1964-yillarda Hamza nomidagi Toshkent musiqa bilim yurtida, 1964-1971-yillarda Almati davlat konservatoriyasining kompozitorlik fakultetida professor Ye.Raxmadiyev sinfida kompozitsiyadan saboq oladi.
1971-1977-yillarda u Berdaq nomidagi filarmoniyaning badiiy rahbari, 1977-1988-yillarda Qoraqalpogʻiston bastakorlar uyushmasi hayʼat raisi, 1988-1999-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri lavozimida, 1999-2009-yillarda Nukus sanʼat bilim yurti direktori, 2009-yildan Qoraqalpogʻiston bastakorlar uyushmasi raisi, 2017-yildan Qoraqalpogʻiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi vazifasida faoliyat olib bormoqda.
N.Muhammeddinov ijodiy faoliyatining doirasi keng va koʻp qirraliligi bilan ajralib turadi. Musiqa sanʼatiga 1956-yili kirib kelgach, qariyb 65 yillik ijodiy yoʻli davomida kichik va yirik musiqiy janrlarda yaratilgan asarlari bilan zamonaviy professional qoraqalpoq musiqa sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Serqirra ijodkorning asarlari ona yurtiga boʻlgan mehr-muhabbat, xalq turmushi, tarixi, musiqa merosini turli shakl va janrlar orqali ifodalanishi bilan ahamiyatlidir.
Hozirgi kunda murakkab musiqali janrlarga murojaat qiladigan kompozitorlarni uchratish qiyin. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Najimaddin Muhammeddinov eng yirik va murakkab opera va balet janrlarida ijodiy faoliyat olib borayotgan sanoqli kompozitorlarimiz qatoridan joy olgan.
N.Muhammeddinov Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Qahramoni, dramaturg I.Yusupov librettosi asosida 1987-yilda birinchi qoraqalpoq «Ajiniyaz» operasini yozadi. Mazkur opera premyerasi chinakam katta madaniy voqealardan biri boʻldi. Kompozitor «Ajiniyaz» asaridan soʻng 1997-yili “Qirq qiz” operasi va «Ayjamal» baleti, 1998-yilda «Baxыtlы bolың balalar» musiqali dramasi va «Togʻыz toңqыldaq hәm bir shiңkildek» musiqali komediyasini yaratadi. Kompozitor bastalagan ilk «Ajiniyaz» operasi va «Ayjamal» baleti jahon mumtoz musiqasi va qoraqalpoq milliy musiqasi hamohangligida yaratilgan benazir sanʼat asari sifatida Berdaq nomidagi musiqali teatr sahnasida munosib oʻrin egallab kelmoqda. N.Muhammeddinov birinchi qoraqalpoq operasi va baletini yaratgan kompozitor sifatida XX asr tarixi sahifalaridan joy olishga sazovor boʻldi.
«Ayjamal» birinchi milliy qoraqalpoq baleti hisoblanib, kompozitor balet orqali yosh qalb egalari, ikki oshiq muhabbatini xoreografik tipda sahnaga olib chiqqan. Ushbu balet baletmeyster Turdibay Xujasov bilan birgalikda ishlangan boʻlib, uning asosiy musiqiy kompozitsiyasini xalq qoʻshiqlari va milliy raqslari tashkil etadi. Undagi voqea va hodisalar orqali qoraqalpoq xalqining milliy raqslari, urf-odatlari tasvirlanadi.
Bu asar ilk marotaba 1997-yili sahnalashtirilgan boʻlsa, qariyb 21 yildan soʻng teatr jamoasi ushbu baletni qayta sahnalashtirdi.
N.Muhammeddinov hozirda ham serqirra ijodkor sifatida mehnat qilmoqda. Jumladan, u yaratgan “Gulayim” operasini eʼtirof etishimiz zarur. Mazkur asarda kompozitor tomonidan qoʻbiz va dutor asbobi hamda baxshi va jirovlarni opera janriga olib kirishi natijasida epo-operaning yuzaga chiqishiga zamin yaratildi. Opera Berdaq nomidagi davlat akademik musiqali teatri sahnasida 2019-yili sahnalashtirildi va musiqashunos olimlar, kompozitorlar, sanʼat arboblari tomonidan ilk milliy epo-opera sifatida eʼtirof etildi.
Oʻziga xos yoʻnalishdagi ushbu opera madaniyat arboblari tomonidan katta eʼtirofga sazovor boʻldi. Jumladan, Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev asarga quyidagicha taʼrif berdi: “Ushbu opera Qoraqalpoq sahnasiga katta tuhfa boʻldi, bu operaning yaratilishi bu millatning baxti...”
Joriy yilda mazkur operaning kitob varianti “Qoraqalpogʻiston” nashriyoti tomonidan bosib chiqarilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, “Bilim” nashriyoti tomonidan «Ajiniyaz» operasining klavir varianti, «Ayjamal» baletining klaviri oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida kitob holida nashr etilgan. Uning ingliz tilidagi varianti musiqiy asarning dunyo boʻylab keng tarqalishi va ijro etilishiga imkon yaratadi.
Davlatimiz tomonidan Najimaddin Muhammeddinov ijodi yuksak qadrlanib, 2000-yili “Mehnat shuhrati” ordeni, 2007-yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan. 2013-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi bastakori” nominatsiyasi gʻolibi, 2015-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasida sanʼat, madaniyat va maʼnaviyatni rivojlantirishdagi xizmatlari uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Ardaqlaoʻ – 2015» mukofoti sovrindori boʻlgan.
N.Muhammeddinov el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan taniqli kompozitordir. U yaratgan asarlarda asosan milliy urf-odat, Vatanga sadoqat, mustaqillikning qadr-qimmati kabi gʻoyalar mujassamlashgan.
Ne baxtki, kompozitor yaratgan ijod bogʻi bugun oʻzgacha chiroy bilan namoyon boʻlmoqda.
Shaxida BERDIXANOVA,
Sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha falsafa doktori,
Oʻzbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi aʼzosi. OʻzA