Yangi davr san’atkorlariga ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlikning teran falsafasi
Munosabat
Ko‘ksaroy qarorgohida 15-aprel kuni bo‘lib o‘tgan tantanali marosim Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at vakillariga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromning yorqin namoyishi bo‘ldi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsan ishtiroki mamlakatimizda ushbu sohaga bo‘lgan e’tiborning yuqori ekanini bir bor tasdiqladi. San’atkorlarni e’zozlash bu millatning ruhini, uning tarixi va ertasini e’zozlash demakdir.
Bugun O‘zbekistonda madaniyat sohasi davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Zokirovlar sulolasi misolida butun bir san’at maktablarining qo‘llab-quvvatlanishi, ijodkorlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash va ularning mehnatini munosib taqdirlash tizimli tus oldi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, san’at va madaniyat xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bugun o‘zbek qo‘shiqlarining Markaziy Osiyo va qo‘shni davlatlarda baralla yangrayotgani, san’atkorlarimizning xalqaro sahnalarda e’tirof etilayotgani quvonarli. Bu yurtimizda yaratilgan ijodiy erkinlik va davlat g‘amxo‘rligining mevasidir. Milliy estradaning “oltin fondi”ni asrab-avaylash va uni boyitish uchun qilinayotgan ishlar kelajak avlod ma’naviyati uchun qo‘yilgan ulkan qadamdir.
Tadbirda ishtirok etgan har bir san’atkorning nigohida bir mamnuniyat, dilida esa shukronalik tuyg‘usi bor edi. Prezident tomonidan bildirilgan ishonch va yaratib berilgan yangi imkoniyatlar ijod ahliga yangi g‘ayrat va ilhom bag‘ishladi. Zero, san’atkori qadr topgan yurtning qaddi hamisha baland bo‘ladi.

Ushbu tarixiy tadbirda ishtirok etgan turli soha va san’at vakillarining qalb so‘zlari, ularning bugungi o‘zgarishlarga bo‘lgan munosabati bilan qiziqdik.
– Bugungi tadbir biz uchun haqiqiy san’at bayramiga aylandi, – deydi O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi, kompozitor Rustam Abdullayev. – Ochig‘ini aytish kerak, Prezidentimiz tomonidan madaniyat sohasiga ko‘rsatilayotgan e’tibor dunyoning ko‘plab davlatlari uchun namuna bo‘la oladi. Bizda kompozitorlar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar, yangi studiyalar va ijod uylari faoliyatimizdagi erkinligimizning kafolatidir.
Ayniqsa, Madaniyat va san’at xodimlari kunining keng nishonlanishi soha vakillariga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Ma’naviyat va ma’rifatga berilgan e’tibor katta yutuqlarimizning poydevori bo‘lyapti. Yashnoboddagi musiqa maktabiga Farrux Zokirov nomining berilishi esa milliy “oltin meros”ni zamonaviy texnologiyalar bilan boyitish yo‘lidagi tarixiy qadamdir. Bunday yuksak e’tibor zimmamizga yangi va ulkan mas’uliyat yuklaydi.

– “Yalla” ansamblining yarim asrdan ortiq tarixi jahon san’atida kam uchraydigan noyob hodisa, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva. – Shu sohag‘a begona bo‘lmagan inson sifatida aytamanki, biron bir jamoaning shuncha vaqt davomida o‘z nufuzi va shaklini yo‘qotmay rivojlanishi kamdan-kam kuzatiladi. Farrux Zokirov o‘z qobiliyati va yuksak salohiyati bilan ansamblning mazmun-mohiyatini saqlab qoldi va uni butun dunyoga tanitdi.
Bugun estrada yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlar uchun “Yalla” haqiqiy ijod maktabidir. Ular aranjirovka, vokal va cholg‘u ijrochiligida birinchi navbatda Farrux Zokirov ijodiga murojaat qilishadi. Bir maslak atrofida jamoani birlashtirish va uni o‘nlab yillar davomida muvaffaqiyatli boshqarishhaqiqiy jasorat sanaladi. Davlatimiz rahbarining bu ijodiy mehnatni yuksak baholashi biz, san’at ahli uchun nihoyatda qadrlidir.
Ko‘ksaroydagi mazkur uchrashuv va unda bildirilgan fikrlar bir haqiqatni anglatadi. Bu O‘zbekistonda san’at va madaniyatga millatning yuzi, uning ma’naviy qudrati sifatida qaralmoqda. San’atkorning zahmatli mehnati davlat darajasida e’tirof etilishi esa yosh ijodkorlar uchun eng katta ruhlantirishdir.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri