Ko‘chat ekish — shunchaki aksiya emas
«Yashil makon» — shunchaki ko‘chat ekish mavsumi yoki bir martalik aksiya emas. Uning zamirida inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni anglash, bugungi ehtiyojlar bilan ertangi avlod manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi muhim maqsadlar yotadi.
Zero, daraxt — bugun ekilib, ertagayoq natija beradigan oddiy loyiha emas. Uning soyasi, havoni tozalashi, tuproqni shamol eroziyasidan asrashi va hudud iqlimiga ta’siri yillar davomida namoyon bo‘ladi. Shu ma’noda, har bir ko‘chat ortida kelajak uchun yaratilayotgan ekologik muhit mujassam.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan ishlar ham ana shu uzoq muddatli maqsadga qaratilgan. Loyiha ko‘lami kengayib, «Yashil bog‘lar», «Yashil jamoat parklari», «Yashil devor» kabi yo‘nalishlar bilan boyib bormoqda. Bu ishlar orqali aholi yashash hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, havo sifatini yaxshilash, shamol va chang-qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, yer hamda suv resurslarini asrash ko‘zda tutilgan. Sirdaryo viloyatida ham bu boradagi ishlar ko‘lami salmoqli. Viloyatda bahorgi mavsumda 9 million 120 mingdan ortiq mevali va manzarali ko‘chat ekish belgilangan bo‘lsa, kuzgi mavsumda yana 17 million 408 ming tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Biroq bu raqamlarga qarab, ishning asosiy qismi bajarildi, degan xulosaga kelish to‘g‘ri emas. Chunki millionlab ko‘chatning yerga qadalishi — jarayonning boshlanishi, xolos. Asosiy natija ekilgan ko‘chatlarning qanchasi tutib ketishi, bir, uch yoki besh yildan keyin qanchasi sog‘lom daraxt sifatida saqlanib qolishi bilan belgilanadi.

— Bu masala Sirdaryo uchun ayniqsa muhim. Hududning tabiiy-iqlim sharoiti daraxtlarni parvarishlashda qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Suv tanqisligi, tuproqning sho‘rlanishi, yuqori harorat va kuchli shamol ko‘chatlarning ildiz otishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun ko‘chat ekishda ularning sonidan ko‘ra, avvalo, hudud sharoitiga mosligi, suv bilan ta’minlanishi va keyingi parvarishiga e’tibor qaratish talab etiladi, — dedi Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligi bosh o‘rmonchisi Quvondiq Hakimov.

Sirdaryo davlat o‘rmon xo‘jaligida yiliga 1–1,5 million tup manzarali va mevali ko‘chat yetishtirilayotgani ham bu yo‘nalishdagi ishlarning muhim qismidir. Ko‘chatlar Shirin, Chuqursoy, Malek, G‘alaba va Guliston uchastkalaridagi beshta ko‘chatxonada parvarishlanadi. Qo‘shimcha ehtiyojning bir qismi esa boshqa viloyatlardan keltiriladi. Ammo ko‘chatning qayerdan keltirilganidan ko‘ra, uning Sirdaryo sharoitida yashab qolishi muhimroq.
Ayni paytda katalpa, tut, qayrag‘och, yasin va jiyda kabi daraxt turlarining mahalliy sharoitga yaxshi moslashayotgani qayd etilmoqda. Ayrim turlarda kasallanish holatlari ko‘paygani sababli juniper ekish tavsiya etilmayapti. Bu holat ko‘chat tanlashda har bir hududning iqlimi, tuprog‘i, suv ta’minoti va ekologik xususiyatlarini hisobga olish zarurligini ko‘rsatadi.
— Chegara hududlarida barpo etilayotgan «yashil devor» ham bu boradagi ishlarga misol bo‘la oladi. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-martdagi qarori ijrosi doirasida Sirdaryo, Mirzaobod, Xovos va Oqoltin tumanlarida jami 158,7 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu hududlarda umumiy uzunligi 84 kilometr bo‘lgan himoya o‘rmonzorlarini barpo etish ko‘zda tutilgan, — dedi Sirdaryo viloyati o‘rmon xo‘jaligi direktori Abdulla Bolibekov.
Bahorgi mavsumda Mirzaobod tumanidagi chegara hududining 5,3 kilometr qismiga 6 ming 800 tup qayrag‘och, jiyda, tut va yasin ko‘chati ekildi. Bunday himoya o‘rmonzorlari shamol eroziyasi va chang-qum bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, tuproqni muhofaza qilish hamda qishloq xo‘jaligi yerlarini asrashda muhim ahamiyatga ega.

Ammo bu yerda ham asosiy savol o‘zgarmaydi: ekilgan daraxtlarning qanchasi yashab qoladi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, ekilgan ko‘chatlarning 70–80 foizi yashab qolmoqda. Demak, 20–30 foiz ko‘chat qurib qolishi mumkin. Millionlab ko‘chat miqyosida bu juda katta raqam. Masalan, 15 million tup ko‘chatning 20–30 foizi 3–4,5 million tupni tashkil etadi. Bu raqamlar ortida sarflangan mehnat, suv, mablag‘ va vaqt turibdi.
Shuning uchun «Yashil makon» loyihasi samaradorligiga faqat «Qancha ko‘chat ekildi?» degan mezon asosida baho berish yetarli emas. «Qancha ko‘chat saqlab qolindi?» degan savol ham asosiy mezonlardan biriga aylanishi kerak.

Bu borada ko‘chatlarni parvarishlash va ularning yashovchanligini ta’minlashdagi mavjud muammolarga alohida e’tibor qaratish lozim. Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shuhrat No‘’monov ham bu masaladagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari xususida to‘xtalib o‘tdi.
«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va ularning yashovchanligini ta’minlash borasida ayrim muammolar ham mavjud. Jumladan, ba’zi hududlarda ko‘chatlarni sug‘orish tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Shuningdek, ko‘chatlar ekilgandan so‘ng ularni, ayniqsa, yozning jazirama kunlarida muntazam sug‘orish va parvarishlash uchun mas’ul shaxslar biriktirilmagani oqibatida nihollarning qurib qolishi holatlari kuzatilmoqda.
Boshqarma mutaxassislari tomonidan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va ularning yashovchanligini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida jiddiy kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, 2025-yilda ko‘chatlarni parvarishlash talablarini buzganlik holatlari bo‘yicha 189 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasining 4-qismiga asosan jami 657 million 30 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida esa mazkur huquqbuzarliklar uchun 261 nafar shaxsga nisbatan jami 950 million 149 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Kuzgi mavsumda boshlanishi rejalashtirilgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlarini tashkil etishda ushbu masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Avvalo, ekiladigan ko‘chatlarni sug‘orish imkoniyatlarini yaratish, ularni muntazam parvarishlash uchun mas’ul shaxslarni belgilash hamda nihollarning o‘sib-rivojlanishini doimiy nazorat qilib borishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.
«Asosiy maqsadimiz — loyiha doirasida ekilayotgan har bir ko‘chatning yashovchanligini ta’minlash, atrof-muhitni yashillikka burkash va aholi uchun toza, sog‘lom ekologik muhit yaratish», — dedi Shuhrat No‘’monov.

Ko‘chatlarni ekish bilan birga, ularni keyinchalik parvarishlash va saqlab qolish choralarini ko‘rish ham muhim. Ayrim tashkilotlarga ko‘chatlar shartnoma asosida yetkazib berilmoqda. «Muruvvat» uylari, kam ta’minlangan oilalar, shuningdek, ayrim maktablar, bog‘chalar va shifoxonalarga 500 ming tup ko‘chat beg‘araz berilmoqda. Faqat 2026-yilning o‘zida ta’lim tizimiga 61 ming 800 dona manzarali va mevali ko‘chat yetkazilgan. Endi ularning qayerga ekilgani, qanchasi tutib ketgani va parvarishi qanday yo‘lga qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlar ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ko‘chatlarni ekologik platformada ro‘yxatga olish va ularning holatini nazorat qilish jarayonni tizimlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Biroq nazoratning o‘zi yetarli emas. Uning natijalari aniq ko‘rsatkichlar asosida baholanishi, qurib qolgan ko‘chatlarning sabablari o‘rganilishi va zarur hollarda ularning o‘rni qayta to‘ldirilishi kerak.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 21-sentabr kuni «Yashil makon» umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan taqdimotda ishlar samaradorligini ekilgan ko‘chatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini ta’kidladi. Bu yondashuv masalaning mohiyatini aniq belgilab beradi: ko‘chat ekish — maqsad emas, balki natijaga olib boruvchi birinchi qadam.
Chunki daraxtning ekologik samarasi bir mavsumdayoq namoyon bo‘lmaydi. Uning soyasi, havoni tozalashi, tuproqni himoya qilishi va hudud mikroiqlimiga ta’siri yillar davomida shakllanadi. Shu sababli ko‘chatning kelajagi uni ekishdan keyingi parvarishga bevosita bog‘liq.

Endi Sirdaryoda kuzgi ko‘chat ekish mavsumi boshlanmoqda. Viloyat bo‘yicha jami 17 million 408 ming tup daraxt va buta ko‘chati ekish rejalashtirilgan. Jumladan, Boyovut tumaniga 2 million 170 ming, Guliston tumaniga 2 million 140 ming, Mirzaobod tumaniga 2 million 200 ming, Oqoltin tumaniga 2 million 140 ming, Sardoba tumaniga 2 million 90 ming, Sayxunobod tumaniga 2 million 130 ming, Sirdaryo tumaniga 2 million 166 ming va Xovos tumaniga 2 million 130 ming tup ko‘chat ekish belgilangan. Shuningdek, Guliston shahrida 106 ming, Yangiyer shahrida 86 ming va Shirin shahrida 50 ming tup ko‘chat ekiladi.
Bu raqamlar, albatta, katta ko‘lamni anglatadi. Ammo ularning haqiqiy qiymati yillar o‘tib bilinadi. Bugun yerga qadalayotgan 17 million 408 ming tup ko‘chatning qanchasi daraxtga aylanadi? Qanchasi soya beradi? Qanchasi havoni tozalaydi? Qanchasi tuproqni shamol eroziyasidan asraydi? Haqiqiy natija ana shu savollarga berilgan javobda namoyon bo‘ladi.
Shu bois kuzgi mavsumdagi eng muhim vazifa ko‘chat ekishning o‘zi emas, balki har bir ko‘chatning yashovchanligini ta’minlashdir. Hududga mos turlarni tanlash, yerni tayyorlash, o‘z vaqtida sug‘orish, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, qurib qolgan ko‘chatlar o‘rnini to‘ldirish hamda ularni dastlabki yillarda muntazam parvarishlash yagona va uzluksiz jarayon sifatida tashkil etilishi lozim.
Sirdaryoda har yili millionlab ko‘chat ekiladi. Agar ularning har biri o‘z vaqtida sug‘orilib, parvarishlansa, bugungi nihollar ertaga yo‘llar bo‘yidagi soya-salqin daraxtzorlarga, mahallalardagi yashil hududlarga, himoya o‘rmonzorlariga va odamlar havas qiladigan go‘zal manzillarga aylanishi mumkin.

Zero, «Yashil makon», «Yashil bog‘lar», «Yashil jamoat parklari» va «Yashil devor» — shunchaki loyihalar yoki mavsumiy aksiyalar emas. Ular tabiatga munosabat, inson salomatligi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyat ifodasidir.
Bugun ekilgan ko‘chat — ertangi daraxt. Ammo uni daraxtga aylantirish uchun ekishning o‘zi kifoya qilmaydi. Buning uchun e’tibor, suv, parvarish va vaqt kerak. «Yashil makon»ning haqiqiy samarasi ham aynan shunda namoyon bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri