Koʻp tarmoqli korxona
Fargʻona shahridagi “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi viloyatdagi yetakchi tadbirkorlik subyektlaridan.
Fargʻona shahridagi “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi viloyatdagi yetakchi tadbirkorlik subyektlaridan.
Bu yerda yiliga 15 mingdan ziyod 7 xil turdagi nogironlik aravachalari, goʻdaklar uchun yurish moslamasi hamda 50 ming metr kvadrat “Uz Bent”, “Infektoakaratsid F30” oʻsimlik va daraxtlardagi zararkunandalarga qarshi preparatlar ishlab chiqariladi.

Shuningdek, korxona taʼsischiligida eshitish moslamalari ishlab chiqaradigan “UD Audifon” Oʻzbekiston - Germaniya qoʻshma korxonasi, 20 xil eshitish moslamalari va eshitishni oʻlchaydigan asbob-uskunalar ishlab chiqaradigan “Yevro Xiaring” Oʻzbekiston-Daniya qoʻshma korxonasi, burgʻulash reagentlari, oʻt oʻchirish uchun moʻljallangan kukun va suyuqlik tayyorlaydigan “Fardrilling Chemicals” korxonasi hamda har xil turdagi laboratorik asbob-anjomlar ishlab chiqaradigan “Far Pribor” korxonalari hamda atir sovun ishlab chiqarish tarmogʻi tashkil etilgan boʻlib, ushbu korxonalar mahsuloti ichki va tashqi bozorda xaridorgir.

Oʻtgan yili “Sayqal” savdo ishlab chiqarish korxonasi va Xitoyning “Ningbo Stone Paper Environmental Friendly Materials Co.LTD” kompaniyasi hamkorligida toshdan qogʻoz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Fergana Stone Paper Company” qoʻshma korxonasi taʼsis etildi.
Korxona rahbari Abdurahmon Niyozovning taʼkidlashicha, ayni kunda korxonada toshdan qogʻoz ishlab chiqaradigan zavod qurilishi yakunlanish arafasida. Ushbu korxona faoliyati yoʻlga qoʻyilsa, yiliga 9 ming tonna qogʻoz va qogʻoz mahsulotlari ishlab chiqariladi. 80 dan ziyod yangi ishchi oʻrni yaratiladi.