Kitobsevarlar maskani
FOTOREPORTAJ
Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazi qariyb 120 yillik tarixga ega. Maskanga har kuni yuzlab insonlar bilim va ko‘nikmalarini oshirish, mutolaa qilish, o‘zini qiziqtirgan ma’lumotlarni izlab topish maqsadida tashrif buyuradi.
Markaz fondida 400 mingdan ortiq nomdagi adabiyot jamlangan bo‘lib, ularning salmoqli qismini elektron resurslar tashkil etadi. Bu yerda turli yosh va qiziqishdagi kitobxonlar uchun munosib adabiyotlarni topish imkoniyati mavjud.
Fondda badiiy qimmati va mazmun-mohiyati bilan kitobxonlar e’tiborini tortadigan asarlarga ham alohida o‘rin berilgan. Jumladan, Abdulla Qodiriyning mashhur «O‘tkan kunlar» romani markazda 30 nusxada mavjud. Bu sevimli asarni bir vaqtning o‘zida bir nechta kitobxon mutolaa qilishi uchun qulay imkoniyat yaratadi.
[gallery-31291]
Ayni paytda markaz kitobxonlari soni 32 mingdan ziyodni tashkil etadi. Bu yerga har kuni o‘rtacha 800–900 nafar kishi tashrif buyurayotgani aholining kitob va mutolaaga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Kitobxonlarga zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida markazda 7 ta xizmat va 7 ta sektor faoliyat yuritmoqda. Elektron resurslardan foydalanish, axborot-bibliografiya, fondlarni saqlash va jamlash, kataloglashtirish hamda raqamlashtirish shular jumlasidandir.
Shuningdek, yoshlar bilan ishlash, o‘lkashunoslik va huquqiy axborot yo‘nalishlarida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Markazda davriy nashrlarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ayni paytda 200 dan ortiq nomdagi jurnal va 300 dan ziyod nomdagi gazetaga obuna tashkil etilgan.
Bu kitobxonlarga badiiy adabiyotlar bilan bir qatorda ta’lim, ilm-fan, madaniyat va jamiyat hayotiga oid dolzarb axborotlardan muntazam xabardor bo‘lib borish imkonini bermoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA