Kitobga yo‘l qisqarsa, kitobxonlar safi kengayadi
Ko‘pchilikning bolalik xotirasida kitob bilan bog‘liq go‘zal bir manzara muhrlanib qolgan, bola uydagi duch kelgan kitobni qo‘liga oladi, qiziqish bilan varaqlaydi, rasmlarini tomosha qilib, harflariga tikiladi. Keyinchalik ota-onasi yangi kitob tuhfa qiladi yoki maktabdagi ustozi biror hikoyani o‘qishni tavsiya etadi. Shu tariqa, kitob bola hayotiga sezdirmay, ohista kirib boradi
Aslida kitobxonlik majburlash bilan emas, kitobga yaqin muhit bilan shakllanadi. Atrofda kitob ko‘p bo‘lsa, uni topish va xarid qilish imkoni keng bo‘lsa, mutolaa asta-sekin kundalik hayotning bir qismiga aylanadi.
Bugun mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ham ayni maqsadlarni ko‘zlagan. Kitob do‘konlari aholi gavjum joylarda tashkil qilinib, kutubxonalar zamonaviylashmoqda. Shu bilan birga oilaviy mutolaa rag‘batlantirilmoqda, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlari kengaymoqda. Kitob savdosi bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlarga esa o‘z faoliyatini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.
Masala faqat odamlarni kitob o‘qishga chaqirishda emas. Kitobxonlikni insonlarning kundalik hayotiga tabiiy kirib boradigan muhitga aylantirish muhim vazifa hisoblanadi. Buning uchun esa kitobxonning o‘zi bilan birga kitobni unga yetkazadigan bozor, tadbirkorlik va zamonaviy infratuzilma ham rivojlanishi kerak.
Jamiyatda kitob o‘qishga qiziqishi ortgani sari u kitobni qayerdan olishi, nimani tanlashi, qancha turishi, qaysi formatda o‘qishi kabi amaliy savollar ham paydo bo‘ladi. Ana shu savollarga javob beradigan tizim qanchalik qulay bo‘lsa, kitobxonlikning kundalik hayotdagi o‘rni ham shunchalik mustahkamlanadi.
Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda kitobxonlikka oid tashabbuslar bir-biridan uzilgan alohida tadbirlar emas, balki asta-sekin yagona muhitni shakllantirayotganini ko‘rish mumkin. “Yosh kitobxon”, “Mutolaa”, “Yoshlar uchun ming kitob” kabi loyihalar yoshlarni kitob bilan yuzlashtirayotgan bo‘lsa, “Yosh kitobxon oila” tashabbusi mutolaani oilaviy hayotga olib kirishga xizmat qilmoqda. Kutubxonalarni yangilash va zamonaviy xizmatlarni joriy etish esa kitobxon uchun boshqa yangi bir eshikni ochmoqda.
Joriy yilning 22-may kuni Xalqaro kongress markazida O‘zbekistonda kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha umumxalq harakatiga start berish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev insonning mustaqil fikrlashi bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan dunyoda eng katta ustunliklardan biri ekanini ta’kidladi. Bu qobiliyatni shakllantirishda esa kitobxonlikning o‘rni beqiyos ekani qayd etildi.
Kitob o‘qishning qiymati faqat biror asar mazmunini bilib olish bilan o‘lchanmaydi. Mutolaa insonni o‘ylashga, solishtirishga, savol berishga, boshqalarning qarashini tushunishga va eng muhimi, o‘z fikrini shakllantirishga o‘rgatadi. Shuning uchun kitobxonlikka berilayotgan e’tibor, aslida, mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalash masalasidir.
Davlat rahbarining 2026-yil 22-maydagi “Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoyishi ham ana shu qarashning amaliy davomi bo‘ldi. Hujjatga ko‘ra, 2026-yildan boshlab umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirishga qaratilgan “Milliy kitobxonlik harakati” har yili doimiy ravishda o‘tkaziladi. Tashabbusning e’tiborli jihati, kitobxonlikka endi faqat alohida tanlov yoki bir martalik tashabbus sifatida emas, muntazam davom etadigan jarayon sifatida qaralmoqda.
Inson istagan kitobni oson topishi, tanlashi va xarid qilishi uchun ham qulay sharoit bo‘lishi kerak. Kitob do‘konlarining odamlar gavjum joylarda, mahallalarga yaqin hududlarda faoliyat yuritishi, kitoblarning turli shakl va yo‘nalishlarda taklif etilishi ana shu ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar kitobxonlik muhitini shakllantirishda bevosita ishtirok etayotgan muhim bo‘g‘inga aylanmoqda.
Buni joriy yilning 4-iyul kuni Sergeli tumanidagi Ittifoq mahallasi, Yangi Sergeli ko‘chasida amalga oshirilgan savdo va xizmat ko‘rsatish drayver loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu hududdagi yangi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati bilan tanishar ekan, ular qatorida faoliyat yuritayotgan kitob do‘koniga ham alohida e’tibor qaratdi. Tashrif davomida kitob do‘konlari faoliyatini kengaytirish, kitoblarni aholiga, xususan, mahallalarga yanada yaqinlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
– Dastlab bu sohaga tadbirkor sifatida kirgan edik. Davlatimiz rahbari bilan bo‘lgan uchrashuvlardan keyin asosiy maqsadimiz o‘zgardi, – dedi kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Best Poligraf Treyd” rahbari Nasrulloh Abdusattorov. – Bir yil ichida oltita kitob do‘koni ochdik. Bugun eng katta maqsadimiz – yurtimizda boshlangan kitobxonlik siyosatini amalda davom ettirish va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish. Bugungi kunda eng asosiy masala, kitobni kitobxonga yaqinlashtirish. Kitob do‘konlari ko‘pincha odamlar kam qatnaydigan joylarda joylashadi. Endilikda shaharning gavjum hududlarida kitob do‘konlari ochish uchun imkoniyatlar yaratilayotgani nafaqat tadbirkorlar, balki kitobxonlar uchun ham katta qulaylik.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, kitob savdosi qisqa muddatda katta foyda keltirmasligi mumkin. Ammo uning haqiqiy samarasi yillar o‘tib, jamiyat taraqqiyotida namoyon bo‘ladi. Bu fikr bizga katta motivatsiya va ishonch berdi. Hozir IT-Park bilan hamkorlikda “Ustoz” nomli sun’iy intellekt platformasi ustida ishlayapmiz. Platforma kitobxonning yoshi, kasbi va bilim darajasidan kelib chiqib, unga mos kitoblarni tavsiya qiladi, mutolaa jarayonini kuzatadi va kitob o‘qishga rag‘batlantiradi. Ishonamizki, bu loyiha kitobxonlikni yangi bosqichga olib chiqib, yurtimizda mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugun ochilayotgan har bir kitob do‘koni, qo‘lga olinayotgan har bir kitob, oilada birga o‘qilayotgan har bir asar va mutolaani osonlashtirayotgan yangi texnologiya aslida kelajak uchun qo‘yilayotgan qadamdir. Uning natijasi ertaga emas, yillar o‘tib – mustaqil fikrlaydigan, bilimga intiladigan, o‘z qarashiga ega avlod timsolida namoyon bo‘ladi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA