“Huquqiy zakovat” intellektual o‘yinining Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi
Tafakkur qilgan kishi taraqqiyot bunyodkori bo‘lishga munosibdir. Ayniqsa, jamiyatda huquqiy savodxonlarning ko‘payishi qonun ustuvorligi ta’minlanishiga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Shu maqsadda, davlat fuqarolik xizmatchilari hamda keng jamoatchilik vakillari uchun “Huquqiy zakovat” intellektual o‘yini tashkil etilgan bo‘lib, Toshkent shahar bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur intellektual bellashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – davlat fuqarolik xizmatchilari hamda keng jamoatchilikning huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlash, qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli huquqiy islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iborat.

Bellashuv davomida ishtirokchilar turli murakkab savollar orqali o‘zlarining huquqiy bilimlari, mantiqiy tafakkuri, tezkor qaror qabul qilish mahorati hamda jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni – Yunusobod tumanining “Ziyolilar” jamoasi, 2-o‘rinni – Bektemir tumanining “Bektemir” jamoasi, 3-o‘rinni esa – Yunusobod tumanining “ Yunusobod” jamoasi egalladi.
Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday intellektual bellashuvlar nafaqat bilimni sinovdan o‘tkazadi, balki xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish va doimiy izlanishga undash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Sherbek Islomov, O‘zA