Kichik tomorqadan katta daromad (+video)
Xorazm viloyati aholi zich joylashgan hududlardan biri bo‘lib, qishloq joylarda deyarli har bir xonadonning o‘z tomorqasi bor.
Tomorqachilar viloyatda yetishtiriladigan go‘sht, sut, meva, sabzavot va poliz ekinlari kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining deyarli 60-70 foizini ta’minlaydi. Bu hududda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda juda muhim.
Bugungi kunda xorazmlik “tomorqachilar armiyasi”ning soni qariyb besh yuz mingga yaqin.

Viloyatning Shovot tumanida ham 45 mingdan ortiq xonadon egalari mavjud tomorqa yerlaridan samarali foydalanib kelmoqda.
Jumladan, “Arbob” mahallasidagi xonadonlarda tomorqalardan samarali foydalanish bo‘yicha ishlar namunali yo‘lga qo‘yilgan.

– Mahallamizda 42 ming 977 nafar aholi yashaydi, jami 983 ta xonadon mavjud, – deydi mahalla hokimining yordamchisi Sohiba Boyjonova. – Xonadon egalariga tegishli yer maydonlari 61 gektarni, dala tomorqalari esa 57 gektarni tashkil etadi. Har bir xonadon egalari bilan shaxsiy tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda ular bahorni kutmasdanoq o‘z yerlarida kartoshka, piyoz, turli xil ko‘katlar, pomidor, bodring va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekishni boshlab yuborgan.

Mahallaning “Arboblar” ko‘chasida yashovchi Shakarjon Iskandarova 87 yoshda. U shu yoshida ham tomorqasida ishlayotganini ko‘pchilikka o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin.
Momo nevaralarni yoniga olib, kun bo‘yi tomorqada. Uning mo‘’jazgina tomorqa yeriga qulupnaydan tortib barcha ertapishar sabzavot va poliz ekinlari ekilgan.
– Yer bilan tillashgan och qolmaydi va qarimaydi, – deydi Shakarjon momo Iskandarova. – Yer bu xazina. Agar unga mehr bersang, u seni hech qachon “quruq” qo‘ymaydi. Men uchun tomorqa nafaqat rizq-ro‘z, balki salomatlik maskani. Ertalab sahar turib, tuproqning hididan to‘yib nafas olaman. Ko‘chatlarning rivojini ko‘rsam, tanamda kuch paydo bo‘ladi. “Qarilikning gashtini surib, uyda o‘tiring”, deyishadi. Ammo, mening “gasht”im mana shu yashillik ichida. Harakat qilgan odamning tanasida dard kam bo‘ladi.
Darhaqiqat, momoning gaplarida “jon” bor. Bog‘otlik tomorqa yer egalari ham o‘zlarining turmush tarzini tomorqasidagi mehnat bilan bog‘lagan. Ular sabzavot va ko‘chatlar yetishtirish uchun issiqxonadan foydalanib, daromadli ishlarni amalga oshirmoqda.

Tumandagi Nurafshon mahallasidagilar bir necha yillardan buyon kichik issiqxonalarni barqaror daromad manbaiga aylantirishgan.
Misol uchun tomorqachi Zamira Sharipova davlat tomonidan ajratilgan 37 million 500 ming subsidiya asosida hovlisidagi 11 sotixlik issiqxonada bodring va pomidor yetishtirib, el dasturxoniga yangi ekologik toza mahsulotlarini tortiq qilib kelmoqda. Uning tomorqasida hozir ham bodring hosili mo‘l. Mahsulotlar mahalliy bozorlarga sotilyapti.
– Men shu issiqxonadan bir yilda 180 million so‘m daromad qilyapman, – deydi Zamira Sharipova. – Qishki hosil 8 tonna, bahorgisi esa 25 tonna bo‘ldi. Hozirgi bodring urug‘ini 10-yanvar kuni ekkanman. 50-60 kunda hosilga kirishni boshladi. Bundan tashqari, 40-50 ming dona ko‘chat ham yetishtirib sotaman. Hozir ham 20 ming tup ko‘chat sotuvga shay turibdi. O‘z tomorqasida issiqxona tashkil qilmoqchi bo‘lganlarga hech bo‘lmaganda bir yoki bir yarim sotix yerdan boshlashni tavsiya qilaman. Bir shug‘ullanib ko‘rishsa, keyingi yil shuning daromadidan yana kengaytirishni boshlashadi.

Ayni damda Zamira Sharipova katta tadbirkorga aylanmoqda. Chunki, mahallada hokim yordamchisi tomonidan ajratilgan 82 million so‘mlik subsidiya asosida 50 sotix issiqxonani qurib bitkazdi. Issiqxonaga bodring ko‘chatlari o‘tkazildi. Endilikda u bu yerdan 1 milliardgacha daromad olishni ko‘zlamoqda.
Yangibozorlik tomorqachi Alisher Matchonov 250 kvadrat metr maydondagi tomorqasida qulupnay yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. U haftasiga ikki marta hosilni yig‘ib olib, mahsulotni tumandagi do‘konlarga yetkazib beradi.
Alisher Matchonovning ta’kidlashicha, qulupnay yetishtirish serdaromad bo‘lishi bilan birga, o‘ziga xos mehnat va e’tibor talab etadigan soha hisoblanadi. Ushbu rezavorni tanlashda bozordagi yuqori talab va kichik maydonda ham mo‘l hosil olish imkoniyati asosiy omil bo‘lgan. Daromadi miqdorini oshkor etmasa-da, bu faoliyat orqali salmoqli foyda ko‘rayotganini qayd etadi.
– Bugungi kunda “Har bir oila – tadbirkor” tamoyili asosida o‘z tomorqasidan samarali foydalanayotgan yurtdoshlarimiz soni ortib bormoqda, – deydi Alisher Matchonov. – Ko‘pchilik uchun 250 kvadrat metr yer kichik ko‘rinishi mumkin. Biroq to‘g‘ri agrotexnik tadbirlar orqali bu maydondan mavsum davomida bir necha marotaba hosil olish mumkin. Sifatli ko‘chat tanlash, o‘z vaqtida sug‘orish va mahalliy o‘g‘itlardan oqilona foydalanish muvaffaqiyat garovidir. Bu jarayonda oila a’zolarining ko‘magi mehnat unumdorligini yanada oshiradi.
Qisqasi, Shakarjon momo, Zamira Sharipova hamda Alisher Matchonov kabi tashabbuskor tomorqachilarning sa’y-harakatlari mahalliy bozorlarni sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/aUpdclVcgHE" title="Kichik tomorqadan katta daromad" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Ahmadjon Shokirov, O‘zA