Katalina Garsiya: O‘zbekistonda “yashil” moliyalashtirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlanmoqda
Iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda iqlim moliyasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari va moliyaviy institutlar hamkorligida amalga oshirilayotgan tashabbuslar “yashil” investitsiyalarni kengaytirish, barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish hamda xususiy kapitalni jalb etishga xizmat qiladi.
Global yashil iqtisodiy o‘sish instituti (GGGI)ning “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi tafovutlarni bartaraf etish” loyihasining mamlakatimizda amalga oshirilishi “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish, xalqaro tajribani joriy etish va sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga keng yo‘l ochdi.
Bu haqda GGGIning investitsiyalar bo‘yicha mutaxassisi hamda “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi tafovutlarni bartaraf etish” loyihasi rahbari Katalina Garsiya O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Yaqinda biz “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi tafovutlarni bartaraf etish” loyihasining yakuniy tadbirini o‘tkazib, uning amaliy natijalarini taqdim etdik. Mazkur tashabbus O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasida iqlimga mos investitsiyalarni kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratildi.
Loyiha Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot dasturi tomonidan moliyalashtiriladigan “Small Grants and Climate Innovation Facility” (SGCIF) doirasida GGGI tomonidan amalga oshirildi. Shuningdek, u Germaniya hukumati nomidan GIZ amalga oshirayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim xatarlarini boshqarish” mintaqaviy dasturining bir qismi hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligi bilan hamkorlikda hayotga tatbiq etildi.
Loyihani amalga oshirish jarayonida har ikki mamlakatda iqlim moliyasi tizimi kompleks baholandi, mavjud ehtiyoj va muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha milliy harakatlar rejalari ishlab chiqildi. Bu hujjatlarda qisqa muddatli amaliy choralar bilan bir qatorda uzoq muddatli strategik ustuvorliklar ham belgilab berildi.
Shu bilan birga, davlat va xususiy moliyaviy institutlarning “yashil” moliyalashtirish hamda ESG investitsiyalari sohasidagi salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 170 nafardan ortiq mutaxassis ishtirokida to‘rtta o‘quv-trening tashkil etildi, manfaatdor tomonlar uchun barqaror moliyalashtirish, ESG tamoyillari, ularni joriy etish, ekologik va ijtimoiy xatarlarni boshqarish (ESRM) hamda ekologik va ijtimoiy boshqaruv tizimlari (ESMS) bo‘yicha oltita amaliy o‘quv moduli tayyorlandi. Shuningdek, tanlangan moliyaviy institutlar va davlat tashkilotlariga texnik ko‘mak ko‘rsatildi.
O‘zbekistonda Biznesni rivojlantirish banki (BDB) uchun Barqaror moliyalashtirish asoslari (Sustainable Finance Framework) yangilandi. Mazkur hujjat mustaqil “Second-Party Opinion” (SPO) baholashi natijasida “A’lo” reytingiga sazovor bo‘ldi. Bank joriy yilning ikkinchi yarmida obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda.
Agrobank uchun ishlab chiqilgan “Yashil” moliyalashtirish asoslari (Green Finance Framework) esa qishloq xo‘jaligi va ekologik barqaror faoliyat yo‘nalishlarini moliyalashtirishga qaratilgan yangi moliyaviy mahsulotlarni joriy etish imkonini yaratdi.
Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasida ABank uchun “Yashil” moliyalashtirish asoslari ishlab chiqildi. Hujjat mustaqil “Second-Party Opinion” (SPO) baholashidan muvaffaqiyatli o‘tib, “A’lo” reytingiga munosib, deb topildi. Bank joriy yilning o‘zida “yashil” obligatsiyalar chiqarishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Moliya vazirligi bilan hamkorlikda kelgusida suveren obligatsiyalar chiqarish uchun zarur huquqiy va institutsional asoslarni yaratishga qaratilgan yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.
Tahlillar O‘zbekistonda “Net Zero 2055” maqsadlariga erishish uchun har yili 9 milliard AQSH dollari miqdoridagi iqlim moliyasi taqchilligini bartaraf etish zarurligini ko‘rsatdi. Buning uchun iqlim bilan bog‘liq moliyaviy tartibga solishni takomillashtirish, fiskal siyosatni iqlim maqsadlariga moslashtirish, ESG tamoyillarini moliyaviy nazorat tizimiga keng joriy etish, davlat ishtirokidagi aralash moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish va xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, barqarorlikka bog‘langan hamda yashil obligatsiyalar kabi kapital bozori vositalaridan foydalanishni kengaytirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Qirg‘iz Respublikasida esa NDC 3.0 doirasida 2035-yilgacha 9,3 milliard AQSH dollari miqdoridagi iqlim moliyasi ehtiyojini qoplash uchun yashil taksonomiyani joriy etish, MRV va ma’lumotlar tizimlarini mustahkamlash, loyihalarni tayyorlash salohiyatini oshirish, kafolat va tavakkalchiliklarni kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari hamda iqlimga chidamlilik sohalariga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib, loyihani amalga oshirishda ko‘rsatgan beqiyos ko‘magi va qo‘llab-quvvatlashi uchun barcha hamkorlarimizga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.