Kasbiy ta’limning haqiqiy natijasi ish va daromadda ko‘rinadi
Yosh texnikumga kirdi — kasb o‘rgandi, nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egalladi. Qo‘liga diplom olgach esa, uni yanada muhim sinov kutmoqda: mehnat bozoriga kirish va o‘zi tanlagan kasb bo‘yicha ish topish. Ammo asosiy savol aynan shu yerda boshlanadi: diplom olgan yosh o‘z kasbi bo‘yicha ishlayaptimi? Olgan bilimi va ko‘nikmalarini amalda qo‘llay olyaptimi? Eng muhimi, tanlagan kasbi unga barqaror daromad keltiryaptimi? Chunki kasbiy ta’limning haqiqiy natijasi diplomning o‘zi emas, balki uning ortidan keladigan ish, kasbiy mahorat va daromaddir.
Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda kasbiy ta’lim tizimidagi sharoit, ta’lim sifati, amaliy tayyorgarlik va bitiruvchilar bandligini ta’minlash masalalari muhokama qilinib, aynan shu jihatlarga e’tibor qaratildi.
Ayni paytda viloyatdagi 27 ta texnikumda qariyb 14 ming nafar yosh kasb-hunar o‘rganmoqda. Ularning 22 foizga yaqini dual ta’limga jalb etilgan. Bu tizimning mohiyati shundaki, yosh faqat auditoriyada nazariy bilim olibgina qolmay, o‘qish bilan birga korxonada ish jarayonini ham o‘rganadi, real mehnat muhitiga moslashadi va kasbiy ko‘nikmalarini amalda shakllantiradi. Biroq bu ko‘rsatkich hududlar kesimida bir xil emas. Masalan, Guliston shahrida dual ta’lim qamrovi atigi 5,9 foizni tashkil etadi. Demak, kasbiy ta’limda faqat o‘quvchilar sonini oshirishning o‘zi yetarli emas. Eng asosiysi — ularga berilgan ta’limning mehnat bozorida qanchalik talab yuqori ekani va yoshning o‘qishdan keyin ishga tayyor mutaxassis bo‘lib chiqishidir.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ham yoshlarga diplom berish bilan cheklanib bo‘lmasligi, ular egallagan kasbi orqali ish topishi va barqaror daromad olishi muhimligini ta’kidladi. Zero, kasbiy ta’limning natijasi qog‘ozdagi diplom bilan emas, uning yosh hayotida qanday samara berishi bilan o‘lchanadi.

Ayrim texnikumlarda esa bu borada hali yechimini kutayotgan masalalar talaygina. Masalan, Xovosdagi 3-son texnikumda bir nafar ustozga 58 nafar o‘quvchi to‘g‘ri kelmoqda. Kasbiy ta’limning o‘ziga xos jihati shundaki, bu yerda o‘quvchiga faqat nazariy ma’lumot berishning o‘zi kifoya emas. Uning ishlash jarayonini kuzatish, xatolarini ko‘rsatish, amaliyotda to‘g‘ri yo‘lni o‘rgatish va individual yondashuv talab etiladi.
Shunday sharoitda bir ustozning 58 nafar o‘quvchi bilan samarali ishlashi qanchalik mumkin? Har bir yoshning qobiliyati, qiziqishi va kasbiy tayyorgarligini alohida nazorat qilishga yetarlicha vaqt topiladimi? Bu savollar kasbiy ta’lim sifatiga bevosita ta’sir qiladi.
Xovos tumanidagi 2-son texnikumdagi holat esa dual ta’limni tashkil etishdagi yana bir muammoni ko‘rsatadi. Zoomuhandislik yo‘nalishida 29 nafar o‘quvchi dual ta’limda tahsil olmoqda. Biroq bu yo‘nalish bo‘yicha birorta korxona bilan shartnoma tuzilmagan. Shunda savol tug‘iladi: dual ta’limda o‘qiyotgan 29 nafar yosh qayerda ish o‘rganyapti? Kim ularga kasbning amaliy sirlarini ko‘rsatyapti?
Agar o‘quvchi korxonaga kirib, haqiqiy ish jarayonini ko‘rmasa, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ishlashni o‘rganmasa, mehnat jamoasi muhitiga moslashmasa, dual ta’limning asosiy maqsadi to‘liq amalga oshmaydi.
Kasbiy ta’limda yana bir muhim masala — pedagoglar salohiyati. Viloyatdagi texnikum pedagoglarining 15 foizi o‘rta maxsus ma’lumotga ega. Bugungi mehnat bozori kechagidan farq qiladi. Texnologiyalar yangilanmoqda, ishlab chiqarish jarayonlari o‘zgarmoqda, yangi kasblar va yangi talablar paydo bo‘lmoqda. Bunday sharoitda o‘qituvchining o‘zi ham doimiy ravishda bilim va malakasini oshirib borishi zarur.
Texnikumlarga zamonaviy va qimmatbaho uskunalar olib berilayotgani, albatta, muhim. Ammo uskunaning o‘zi ta’lim sifatini belgilab bermaydi. Uni ishlata oladigan, texnologiyaning imkoniyatlarini yaxshi biladigan va bu ko‘nikmani o‘quvchiga o‘rgata oladigan mutaxassis bo‘lmasa, eng zamonaviy jihoz ham kutilgan natijani bermasligi mumkin. Shu ma’noda kasbiy ta’limga kiritilayotgan investitsiya faqat bino va jihozlarga emas, avvalo, malakali pedagoglar va amaliyotchi mutaxassislarni tayyorlashga ham yo‘naltirilishi kerak.
Masalaning eng muhim tomoni esa bitiruvchilar bandligi bilan bog‘liq. O‘tgan o‘quv yilida viloyat bo‘yicha texnikum bitiruvchilarining 62 foizi band qilingan. Ammo ayrim hududlarda vaziyat ancha murakkab. Xususan, Mirzaobod tumanida bitiruvchilarning atigi 27 foizi ish bilan ta’minlangan.
Tikuvchilik yo‘nalishini bitirgan 47 nafar yoshdan faqat yetti nafari band qilingan. Bu raqamning o‘ziyoq muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi. Biroq masalaning yana bir qiziq tomoni bor: «OSON ISH» platformasida shu tumandagi korxonalar tomonidan tikuvchilik bo‘yicha 20 dan ortiq bo‘sh ish o‘rni e’lon qilingan.
Demak, bu yerda muammo faqat ish o‘rnining yo‘qligi bilan izohlanmaydi. Ish beruvchiga xodim kerak, kasb egasi bo‘lgan yosh esa ish izlamoqda. Ammo ular o‘rtasidagi bog‘liqlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa kasbiy ta’limdan keyingi eng muhim bosqich — bitiruvchini mehnat bozoriga olib kirish mexanizmlarini kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi. Yoshning diplom olgani bilan ish qidirish muammosi o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Uning malakasi, qiziqishi, yashash hududi va kasbiga mos ish o‘rnini topish, ish beruvchi bilan muloqotini yo‘lga qo‘yish, zarur hollarda qayta tayyorlash yoki qo‘shimcha ko‘nikmalar berish talab etiladi. Shu bois mas’ullarga har bir ishsiz bitiruvchi bilan alohida ishlash, uning kasbi, malakasi va qiziqishidan kelib chiqib, ishga joylashtirish vazifasi qo‘yildi.
Aslida bu yondashuv kasbiy ta’lim tizimidagi qarashlarning o‘zgarishini talab qiladi. Endi «Qancha nafar yosh o‘qishga qabul qilindi?» degan savolning o‘zi yetarli emas. «Qanchasi kasb egalladi?», «Qanchasi amaliyotda ishlay oladi?», «Qanchasi diplom olgach, o‘z kasbi bo‘yicha ishga joylashdi?» degan savollarga ham aniq javob kerak.
Chunki texnikum eshigidan kirgan yoshning maqsadi faqat diplom olish emas. U hayotda o‘z o‘rnini topish, mehnati bilan daromad olish va mustaqil hayot qurish uchun kasb o‘rganmoqda. Shuning uchun kasbiy ta’limning eng katta ko‘rsatkichi ham umumiy hisobotdagi raqamlar emas, balki ishli va daromadli bitiruvchidir.
Bugun texnikumlarda 14 mingga yaqin yosh kasb o‘rganmoqda. Ertaga ularning har biri mehnat bozoriga chiqadi. Ularning qanchasi o‘z kasbi bo‘yicha ish topishi, qanchasi olgan bilimini amalda qo‘llashi va qanchasi barqaror daromadga ega bo‘lishi — kasbiy ta’lim tizimining haqiqiy natijasini ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri