Kartoshka yetishtirishda yangi bosqich
Bugun oziq-ovqat xavfsizligi masalasi nafaqat agrar siyosatning ustuvor yo‘nalishi, balki iqtisodiy barqarorlikning muhim omiliga aylandi. Aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash, ichki bozor muvozanatini saqlash hamda eksport salohiyatini oshirish zamonaviy yondashuv va samarali loyihalarni talab etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “BMB Holding” tomonidan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida amalga oshirilayotgan yangi tashabbus e’tiborga loyiq. Kompaniya tomonidan Niderlandiya seleksiyasiga mansub “Elita Arizona” navli kartoshka urug‘larining joriy etilishi sohada innovatsion yondashuvning amaldagi ifodasi bo‘lmoqda.
Tog‘ oldi hudud hisoblangan Baxmalning ekologik tozaligi, iqlim sharoiti va unumdor tuprog‘i mazkur loyiha samaradorligini ta’minlovchi asosiy omillardan hisoblanadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, aynan shu kabi tabiiy sharoitlar yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulot yetishtirish imkonini beradi.

Loyiha doirasida qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnik yechimlar — ekish sxemasi va saralangan urug‘ materiallari — hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. “Elita Arizona” navi qisqa muddatda pishib yetilishi, yuqori hosil berishi hamda iqlim o‘zgarishlariga chidamliligi bilan ajralib turadi. Bu esa fermerlar uchun iqtisodiy jihatdan ham manfaatlidir.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bunday loyihalar mahalliy ishlab chiqarishni rag‘batlantirish bilan birga importga qaramlikni qisqartirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ichki bozorni barqaror ta’minlash orqali narx-navo muvozanatini saqlash va eksport hajmini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Xulosa qilib aytganda, “BMB Holding”ning mazkur tashabbusi qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va agrosanoatda yangi bosqichni boshlab berishga xizmat qilayotgan muhim amaliy qadam sifatida baholanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri