Karim Bahriyev vijdoni uyg‘oq jurnalist edi
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi xabariga ko‘ra, taniqli jurnalist Karim Bahriyev olamdan o‘tdi.
O‘tish davrining past-balandligini boshdan kechirgan ijodkor zalvorli maqolalari bilan o‘z davrida millat boshiga tushgan kulfatlardan keng jamoatchilikni ogoh etgan edi.
Ustoz jurnalist 1962-yil 15-iyulda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. U mohir jurnalist, yozuvchi, tarjimon, sobiq deputat, parlament a’zosi va siyosatchi. 90-yillar jurnalistikasi va siyosati tarixidagi ko‘p qirrali shaxs sifatida xalqimiz mehrini qozongan ijodkor edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Karim Bahriyev 1979-yilda Urgutdagi 8-maktabni oltin medal bilan tugatgan. 1979-yildan Samarqand davlat universitetining rus filologiyasi fakultetiga kirgan. 1985-yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.
“Xo‘jalik va huquq – Xozyaystvo i pravo”, “Migratsiya va xavfsizlik” jurnallarida bosh muharrirlik qilgan, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Ma’rifat” gazetalarida, “Jahon adabiyoti” va boshqa bosma nashrlarda faoliyat yuritgan. 90-yillarning boshlarida “Hurriyat” gazetasining bosh muharriri sifatida ham mehnat qilgan.
Karim Bahriyev O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi edi. “Sabr kosasining siniqlari”, “Tomchidil” she’riy kitoblari, “Demokratiya va inson huquqlari”, “Jurnalistning huquqlari, majburiyatlari va mas’uliyati”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyatining huquqiy asoslari”, “Haqiqat talabgorimiz” nomli o‘zbek tilidagi ilmiy-ommabop kitoblari, “OAV va saylovlar” hamda “SMI i vыboriы” nomli o‘zbek va rus tilidagi qo‘llanma, “So‘z erkinligi haqida so‘z” nomli o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi siyosiy-ijtimoiy kitob, “Media huquqi” darsligi, “OAV qonunchiligidan 100 savolga 100 javob” qo‘llanmasi, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi edi.
Ustoz jurnalistning uch jildlik “Dunyo she’riyati” antologiyasi uning g‘oyat ulkan mehnatlarining samarasidir. 144 mamlakat she’riyatidan qariyb 500 shoirning she’rlari jamlangan ushbu kitobga Karim aka o‘ttiz yillik umrini sarflagan.
Karim Bahriyevning “So‘z erkinligi haqida so‘z” kitobida insonning fikrlash va so‘zlash, muloqot va muhokama qilish erkinligining mohiyati, taqdiri, ahamiyati va istiqbolidan so‘z yuritiladi.
Ustozning “Toqat” kitobidan joy olgan she’rlarning aksariyatida xalqning o‘rtangan, yongan, kuygan, iztirobga to‘la hayqiriq nidosi eshitilib turadi.
Shu bilan birga “Betoqat” kitobi Karim Bahriyevning serg‘alva hayotdagi teran kuzatuvlari asosida bitgan maqolalari to‘plamining davomidir. Unda iqtisodiyot, adabiyot va jurnalistika, jamiyat, madaniyat mavzularida turfa maqolalarni o‘qish mumkin. Muallif milliy mafkura va umuminsoniy qadriyatlar, raqamli iqtisodiyot, korrupsiya kabi ko‘plab mavzularda bong uradi. So‘z erkinligi, ommaviy axborot vositalari, til siyosati masalalariga ham to‘xtalib o‘tadi.
Seneka, Platon, Volter, Monten, Paskal, Vovenarg, Laroshfuko, Labryuyerning falsafiy asarlarini, jahon xalqlari hikmatlarini, Genri Fordning “Mening hayotim”, Jorj Oruyelning “1984” va “Molxona”, Svetlana Alekseyevichning “Chernobil tavallosi” romanlarini va Malkolm Gladuelning “Daholar va uddaburonlar” asarlarini, Chingiz Aytmatov, Dino Bussati, Jovanni Papini, Korrado Alvaro, Marchello Venturi, Vladimir Voynovich, Verkor hikoyalarini, uyg‘ur shoiri Temur Davomatning she’riy kitobini, ozar shoirlari Muhammad Hodiy, Mirzo Aliakbar Sobir, Rasul Rizo, Romiz Ravshan, Sobir Rustamxonli va boshqalarning she’rlari va dostonlarini, turk shoirlari Pir Sulton Abdol, Shayxulislom Kamol Poshshozoda,Yunus Emro, Qul Nasimiy, Oshiq Xarobiy Bobo, Oshiq Vaysal she’riyatini hamda O‘rxon Vali nazmini va boshqalar asarlarini hamda rus shoirlari kitobini tarjima qilgan.
Tarjimalari “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildligining beshta jildida, “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligining uchta jildida chop etilgan.
Ustoz ijodkor adabiyot muxlislari, ijod ahli, shogirdlari, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
N.Usmonova, O‘zA