“Karib dengizi qaroqchilari”dan to‘rt nafari yo‘q qilindi
Karib dengizida giyohvand modda tashishda gumon qilingan qayiqqa zarba berildi. AQSH Janubiy qo‘mondonligi hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi
Amerika harbiylari xabar berishicha, giyohvand modda tashiladigan yo‘nalishda harakatlangan qayiqning noqonuniy faoliyatga aloqadorligi haqida razvedka ma’lumoti mavjud bo‘lgan. Zarba aks etgan video lavhada harakatlanayotgan qayiq o‘rab olingani va portlash ko‘ringan.
Hodisa Vashington giyohvand modda savdosiga qarshi kurashni kuchaytirgan bir paytda yuz berdi. Donald Tramp ma’muriyati “Southern Spear” amaliyoti orqali Karib dengizi va Tinch okeani sharqiy qismida giyohvand modda tashishda gumon qilingan qayiqlarga qarshi havodan zarba bermoqda. Shuningdek, Vashington Markaziy va Janubiy Amerika davlatlari bilan kartellarga qarshi “Amerika qit’asi qalqoni” nomli yangi xavfsizlik koalitsiyasini shakllantirgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA