Italiya maktabda diniy kiyim kiyishni taqiqlamoqchi
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni maktabda burqa va niqob kiyishni taqiqlash hamda xorijlik o‘quvchilar soniga chegara qo‘yishni rejalashtirmoqda. Hukumat bu chorani yaqin orada qonun loyihasi sifatida ko‘rib chiqishi kutilyapti.
Taklif qilinayotgan loyiha maktab tizimiga moslashishda jiddiy qiyinchilikka duch kelayotgan o‘quvchilar ota-onalari uchun italyan tilini o‘rganish talabini nazarda tutadi. Hozir mamlakat umumiy ta’lim tizimida xorijlik o‘quvchilar ulushi uchun mavjud 30 foizlik me’yor demografik sharoit sabab ayrim hududlarda to‘liq qo‘llanmaydi. Mazkur tashabbus Italiyada migratsiya masalasi siyosiy bahs markaziga chiqqan, o‘ng qanot iste’fodagi generali Roberto Vannachchi kabi yanada qat’iy choralar talab qilayotgan siyosiy kuchlar faollashgan paytga to‘g‘ri keldi.
G‘oyani hukmron koalitsiya a’zolari xayrixohlik bilan kutib olgan bo‘lsa-da, muxolifat va huquqshunoslarga yangilik ma’qul kelmadi. Enna universiteti konstitutsiyaviy huquq professori Salvatore Kurreri fikricha, ayni cheklov bola va oila a’zolarini yashash joyidan boshqa hududga ko‘chishga majburlaydi. Bu esa konstitutsiyada kafolatlangan ta’lim huquqiga zid.
Italiya rejasi Yevropa uchun notanish emas: Fransiya va Belgiyada jamoat joyida yuzni to‘liq berkituvchi kiyimga taqiq bor, Avstriyada esa o‘quvchi shunday kiyinishiga nisbatan alohida cheklov joriy etilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA