Kapital bozori rivojlantiriladi
O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar dastlab davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan “Hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi” bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Fraksiya a’zolari yil boshidan yalpi ichki mahsulot 8,5 foiz, sanoat 8 foiz, xizmatlar sohasi 16,9 foiz, qurilish 13,8 foiz, qishloq xo‘jaligi esa 4,7 foizga o‘sdi. Shuningdek, investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport 14,4 milliard dollarga yetganini e’tirof etishdi. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatimiz iqtisodiyotidagi barqaror o‘sish sur’atlarini yaqqol namoyon etayotgani qayd etildi.
[gallery-30581]
Shundan so‘ng «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi kapital bozorini xalqaro standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan. Hujjat bilan aholi va investorlar uchun sukuk (islom obligatsiyalari), barqaror rivojlanish obligatsiyalari, qoplangan hamda sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar kabi yangi moliyaviy vositalarni muomalaga kiritish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, investorlar va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilib, bozor infratuzilmasini yanada tartibga solish hamda kapital bozorining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan muhim normalar belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasining mazmun-mohiyatini har tomonlama muhokama qilib, uning mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy bozorni shakllantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotga qo‘shimcha moliyaviy resurslarni jalb qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova,
Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA