Formali kiyim-boshlardan noqonuniy foydalanish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida davlat tuzilmalari xodimlarining formali kiyim-boshidan noqonuniy foydalanishning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan harbiy va idoraviy formali kiyim-boshlarga odamlarni adashtirib yuborish darajada o‘xshash kiyim-boshlarni kiyish yoki ulardan noqonuniy foydalanish qat’iyan taqiqlanyapti.
Amaldagi qonunchilikda tasdiqlangan namunadagi harbiy, idoraviy yoki maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan kiyib yurish uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Lekin harbiy va (yoki) idoraviy formali kiyim-boshga o‘xshash bo‘lgan farqlovchi belgilari va (yoki) ramzlariga ega formali kiyim-boshni joriy etishni cheklovchi normalar mavjud emas.
Ayrim tashkilotlar xodimlari yoki firibgarlar bundan foydalanib, bunday formalarni jamoat joylarida ham kiyib yurish va o‘z manfaati yo‘lida foydalanish holatlari uchrab turibdi. Bu esa davlat organlarining aholi o‘rtasidagi obro‘si va imijiga putur yetkazadi, hokimiyat organlariga ishonchsizlik oshishiga sabab bo‘ladi.
Shu maqsadda qonun loyihasi bilan formali kiyim-bosh bilan bog‘liq qoidalar tartibga solinyapti. Bunday huquqbuzarlikni sodir etganlarga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Unga ko‘ra, formali kiyim-boshning o‘zi musodara qilinadi hamda BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (2 million so‘mdan 4,1 million so‘mgacha) jarima solinadi.
Mazkur qonun loyihasidagi normalar fuqarolarni chalg‘ituvchi holatlarning oldini olish, formali kiyim-boshlardan qonunga xilof ravishda foydalanishga chek qo‘yish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning nufuzi va obro‘sini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA