Kamilla Rahimova Vinus Uilyams to‘sig‘idan muvaffaqiyatli o‘tdi
Kanadaning Toronto shahrida ayollar tennisi bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli musobaqalardan biri — «Omnium Banque Nationale» turniri Kamilla Rahimova uchun muvaffaqiyatli boshlandi.
WTA 1000 toifasiga kiruvchi mazkur musobaqaning asosiy to‘r birinchi bosqichida mamlakatimizning birinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova o‘z vaqtida jahon tennisining yetakchilaridan biri bo‘lgan, amerikalik tajribali tennischi Vinus Uilyamsga qarshi kortga chiqdi. Ikki set davom etgan bahsda hamyurtimiz 6:4, 6:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishib, musobaqaning ikkinchi bosqichiga yo‘l oldi.
Endi Kamilla navbatdagi bosqichda chexiyalik Katerina Sinyakovaga qarshi bahs olib boradi.
Darvoqe, sovrin jamg‘armasi 7 million 433 ming 76 AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu musobaqaning yakkalik bahslarida yana bir tennischimiz — Polina Kudermetova ham ishtirok etmoqda. U birinchi bosqichda neytral maqom ostida harakat qilayotgan Alina Korneyevaga qarshi kortga chiqadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA