Shaxmat: Gulruhbegim Tohirjonova Ispaniyada muvaffaqiyatga erishdi
Ispaniyaning Granada shahrida o‘tgan “Granada Chess Open 2026” xalqaro turnirida shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zosi Gulruhbegim Tohirjonova musobaqa yakunlariga ko‘ra, ayollar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi.
Dunyoning 48 davlatidan 353 nafar shaxmatchi ishtirok etgan ochiq xalqaro turnirning 9 ta turdan iborat bahslarida hindistonlik Bxarat Subramaniyam 7,5 ochko bilan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Tohirjonova 6 ochko jamg‘arib, umumiy hisobda qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 45-pog‘onani egalladi.

Gulruhbegim Tohirjonovaning ushbu natijasi ayollar o‘rtasidagi eng yaxshi o‘rin sifatida e’tirof etildi.
Turnir davomida to‘plagan ochkolari hisobiga Gulruhbegim xalqaro reytingini 9,1 punktga oshirishga muvaffaq bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA