Kambag‘allikdan farovonlik sari
Termizda 20 ta oila tutzor barpo etib, qo‘shimcha daromad oladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida Termiz tumanidagi Sabzipoya mahallasida o‘rmon xo‘jaligi yer fondiga qarashli 10 gektar maydon 20 ta oilaning har biriga 50 sotixdan ajratib berildi.


Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov, yer maydonlari ajratilgan oilalar va tegishli mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etgan tadbirda viloyat rahbari loyihaning asosiy maqsadi haqida atroflicha fikr yuritdi. Bu yerda tutzor barpo etib, uning qator oralaridan samarali foydalanish, aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash ekanini qayd etdi. Ajratilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanish yuzasidan tegishli tavsiyalarini bildirdi.


O‘rmon xo‘jaligi fondidan yer olgan oilalar endilikda 30 ming tup tut ko‘chati ekib, qator oralarida turli serdaromad ekin parvarishlashni yo‘lga qo‘yadi. Yeryong‘oq, poliz mahsulotlari, piyoz va kartoshka kabi yuqori hosilli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirib, yiliga o‘rtacha 50-60 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun har bir oilaning ekin urug‘lariga subsidiya ajratilib, ekinlarni parvarishlash ko‘nikmasini shakllantirish uchun tajribali dehqonlar biriktiriladi.


Shu kuni viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov, O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov dastlabki tut ko‘chatlarini ekib, loyihaga start berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri