Kambag‘allik va ishsizlik darajasi tobora pasaymoqda
Shirin shahrida kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Bu haqda shahar hokimi Dilfuza Kambarovaga taqdim etilgan maxsus taqdimotda ma’lum qilindi.
Taqdimotga ko‘ra, 2025 yil davomida shaharda 2 ming 865 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, belgilangan reja 105 foizga bajarilgan. Jumladan, investitsiya loyihalari hisobiga 494 ta, qurilish sohasi orqali 228 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Tijorat banklari ko‘magida 2 ming 142 nafar fuqaro ish bilan ta’minlanib, ularga jami 12,5 mlrd so‘m miqdorida kredit ajratilgan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida shaharda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 5,7 foizdan yil yakuniga kelib 3,8 foizga tushirilgan. Hisobot davrida 234 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish maqsadida 902 nafar oila a’zosi turli xizmatlar bilan qamrab olinib, ularni barqaror daromadli qilish bo‘yicha manzilli ishlar olib borilgan. Xususan, 98 nafar fuqaro doimiy ish o‘rniga joylashtirilgan, 180 nafari tadbirkorlikka jalb etilgan, 31 nafari kasb-hunarga o‘qitilgan. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash doirasida esa 1,9 mlrd so‘m kredit va ssudalar ajratilgan.

2026 yilga mo‘ljallangan rejalarga ko‘ra, shaharda 3 ming 485 nafar aholining bandligini ta’minlash, shu jumladan 806 ta doimiy ish o‘rni yaratish, 1 ming 778 nafar fuqaroning daromadini oshirish hamda 901 ta ish o‘rnini “soya” iqtisodiyotidan chiqarish ko‘zda tutilgan.
Taqdimot yakunida shahar hokimi Dilfuza Kambarova belgilangan ko‘rsatkichlarga so‘zsiz erishish, har bir oila bilan manzilli ishlash va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri