Tomorqadan mo‘may daromad topayotgan to‘raqo‘rg‘onliklar
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Sohilobod mahallasida aksariyat aholi bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Yastanib yotgan tokzorlar, shaftolizor va bodomzorlar tufayli aholi bandligi ta’minlangan, ishsizlar yo‘q hisobi, kambag‘al oilalar soni juda kam.
Mahallaning 76 yoshli onaxoni Ominaxon Ayupova ham ko‘pchilikka o‘rnak ko‘rsatib, 10 sotixli tomorqasida issiqxona tashkil etgan. Avvaliga issiqxonada pomidor, bodring yetishtirildi. Uch yildirki, gidroponika usulida qulupnay ko‘chatlari parvarishlanmoqda.
– Oktyabr oyida ekilgan ko‘chatlar bir yil davomida hosil beraverar ekan, - deydi onaxon. – Bahoru yoz, kuzu qish xonadonimizdan xaridorlar arimaydi. Ayni paytda tomorqamizda qulupnay pishgan va ichki bozorda 180-200 ming so‘mdan sotilyapti. Yillik daromadimiz 60-70 million so‘mga boradi. Bundan tashqari, so‘rilar tagidagi limon ko‘chatlari ham hosilga kirgan.
Tashqarida endigina daraxtlar kurtaklab, o‘t-o‘lanlar yerdan bosh ko‘tarishni boshlagan bir paytda issiqxonadagi mana bu yam-yashillikni ko‘rib insonning bahri-dili ochiladi.
Tumanning Oqtosh mahallasi Oq oltin ko‘chasida yashovchi Olimjon Xudoyberdiyev xonadonida ham bugun ana shunday bahoriy manzara hukmron. Xonadon vakillari 10 yil avval 2 sotixdan to‘rtta issiqxona tashkil etgan. Oktyabr oyida sepilgan ukrop urug‘i bugun peshma-pesh bozorlarga chiqarilmoqda. Ikkinchi mavsumda esa bodring ekiladi.
– Har tong ko‘katlarni Namangan shahridagi “Chorsu” bozoriga ulgurji narxda sotib kelamiz, - deydi Olimjon Xudoyberdiyev. – Barra ko‘katlarni mahalliy xaridorlar ham olishadi. Yordamchilar ko‘magida kun bo‘yi shu ish bilan bandmiz.
Bundan tashqari xonadonda doimiy 10-15 ta qo‘y boqiladi, bundan ham yaxshigina daromad topishadi.
Tumanning Qodirobod mahallasida 2023-yilda 14,8 gektar maydon 74 nafar ishsiz fuqaro va yoshlarga 20 sotixdan ajratib berilgan edi. Bu yerda “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida qulupnaychilik yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yildan boshlab dehqonlar yaxshigina daromad olishni boshladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar qulupnayzorga 60 ming dona ko‘chat joylashtirish va 10 tonna hosil olish mumkin. O‘rtacha 35 ming so‘mdan sotilganda ham hisobini chiqarish qiyin emas.
“To‘qsonda eksang, to‘qson botmon hosil olasan”, degan purma’no maqol bor. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kuzda ekilib, qor va yomg‘ir ostida qoldirilgan sabzavot ekinlarining urug‘i erta ko‘klamda yerdan barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi.
Ta’kidlash kerak, tumanda 897 gektar, shundan 66 gektar ochiq maydonda, 503 gektar bog‘-tok orasida, 278 gektar dehqon xo‘jaliklarida, 1200 gektardan ziyod aholi tomorqalariga avgust-sentabr oylarida ekilgan piyoz, sabzi, osh lavlagi, karam, rediska, ko‘katlardan yetishtiriladigan 37 ming 419 tonna hosil, shuningdek, “to‘qsonbosti” usulida ekilgan sarimsoqpiyoz ichki bozordan tashqari, Rossiya, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlarga eksport qilinadi.
[gallery-28551]
“Shohidon nurli diyori” MMTP hududidagi “Dilshod Sodiqov” fermer xo‘jaligidagi 1 gektar maydonda sarimsoqpiyoz rivoji avji pallada. “Ibrat” mahallasidagi 10 gektar aholi tomorqalarida esa hademay sarimsoqpiyoz va yangi kartoshka yig‘ishtirib olinadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA