Jurnalist ayollar o‘rtasida voleybol bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
Jizzax va Sirdaryo viloyatlari ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida voleybol bo‘yicha “General kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari jamoasi bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tashabbusi bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i kubogi uchun tashkil etilgan musobaqada Jizzax va Sirdaryo viloyatlari ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalist ayollar jamoalari kuch sinashdi.
Maydondagi bahslar qizg‘in va murosasiz kechdi. Har bir to‘p uchun kurash, aniq zarbalar va jamoaviy hamjihatlik muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Ayniqsa, sirdaryolik hamkasblarning ishtiroki raqobatni yanada kuchaytirib, musobaqaga o‘zgacha shiddat olib kirdi.
Yakunda “Jizzax haqiqati” – “Djizakskaya pravda” gazetalari jamoasi barcha raqiblaridan ustun kelib, bosh sovrin – “General kubogi”ni qo‘lga kiritdi. Qo‘shni viloyatdan kelgan “Yangi Sirdaryo” – “Novaya Sirdarya” gazetalari jamoasi ikkinchi, Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi jamoasi qizlari uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib va sovrindorlarga kubok, medallar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
[gallery-32036]
– Musobaqani o‘tkazishdan maqsadimiz jurnalist xotin-qizlarni sportga keng jalb etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va hamkasblar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdir. Sirdaryolik jurnalist ayollarning ishtiroki bellashuvlarga alohida ruh bag‘ishladi. Raqobat qanchalik qizg‘in bo‘lmasin, maydonda o‘zaro hurmat va hamjihatlik ustuvor bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi raisi Abdujalol Qayumov.
U musobaqani tashkil etishdagi amaliy yordami va qo‘llab-quvvatlovi uchun Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, viloyat voleybol federatsiyasi raisi, general-mayor G‘ayrat Qodirovga alohida minnatdorchilik bildirdi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimi sport bayramiga yakun yasadi. Biroq bu uchrashuvning qadri faqat qo‘lga kiritilgan kubok bilan o‘lchanmaydi. U jurnalist xotin-qizlarning faolligi, sog‘lom turmush tarziga intilishi va ikki viloyat jurnalistlari o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlagani bilan ham ahamiyatlidir.
Jamshid Yorbekov,
O‘zA muxbiri