Shaxmat: Nodirbeklar Yevropa kubogida qatnashmoqda
Chernogoriyaning Budva shahrida shaxmat bo‘yicha klublar o‘rtasida “Open” va ayollar yo‘nalishida o‘tayotgan Yevropa kubogi bahslarida mamlakatimizning mahoratli shaxmatchilari Nodirbek Abdusattorov va Nodirbek Yoqubboyev dona surmoqda.
“Open” guruhida 108 ta jamoa qatnashayotgan bo‘lsa, FIDE reytingida kuchli beshlikni egallab turgan N.Abdusattorov Ruminiyaning amaldagi chempioni “SuperChess Romania” klubi tarkibida, N.Yoqubboyev esa Chexiyaning “Novy Bor Chess Club” safida dona surmoqda.
Aytish lozimki, ortda qolgan 2 ta turda “SuperChess Romania” va “Novy Bor Chess Club” jamoalari g‘alaba qozonib, yetakchilar qatorida harakatlanmoqda.
Bugun, 19-oktabr kuni “SuperChess Romania” jamoasi “Cheddleton Savills Caterling” bilan, “Novy Bor Chess Club” a’zolari “C.A. Silla Integrant Col-lectius” jamoasi bilan kuch sinashadi.

Mazkur bahsda Nodirbek Abdusattorov “Cheddleton Savills Caterling” a’zosi Balaj Chonka bilan 1-taxtada bahs olib borsa, Nodirbek Yoqubboyev “C.A. Silla Integrant Col-lectius” vakili Alvar Alonso Rossel qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, umumiy mukofot jamg‘armasi 40 ming yevrodan iborat Yevropa kubogi bahslari 23-oktabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA