Joriy yilgi Kamoliddin Behzod nomli davlat stipendiyasi g‘oliblari aniqlandi
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Ekspert guruhi tomonidan badiiy ta’lim yo‘nalishlari mavjud davlat oliy ta’lim muassasalarining jami 20 nafar talabgorlar yig‘ma jildlari hamda davlat stipendiyasini tayinlash haqidagi tavsiyanomalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-noyabrdagi “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasini ta’sis etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Kamoliddin Behzod nomidagi Davlat stipendiyasini tayinlash bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda Ekspert guruhining tegishli qarori bilan 7 nafar iqtidorli va ijodkor talabalar tegishli tanlov yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Jumladan, Termiz davlat universiteti 2-kurs talabasi Mubina Abdulazizova “Dastgohli rangtasvir” yo‘nalishi bo‘yicha, Andijon davlat pedagogika instituti 3-kurs talabasi Obidaxon Yusupova “Rangtasvir” yo‘nalishida, Qo‘qon davlat universiteti 2-kurs talabasi Xosiyatxon Inomova “Grafika va miniatyura” yo‘nalishida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi Feruza Jumaniyozova “Haykaltaroshlik” yo‘nalishida, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi Farangiz Olimjonova “Amaliy san’at” yo‘nalishida, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti 3-kurs talabasi Mehrigul Amaniyazova “Dizayn” yo‘nalishida hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti 3-kurs talabasi Javohir Bekberganov “San’atshunoslik va muzeyshunoslik” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasining sohibi guvohnomasi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan joriy yilning 20-avgustiga qadar topshiriladi.
G.Boboyeva,
O‘zA