Joriy yilda poytaxtimiz bo‘ylab 236 mingdan ortiq ko‘chat ekildi
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ekish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Loyiha davomida hududlar sharoitiga mos daraxtlar tanlangan holda ekilmoqda.
Poytaxtimizda ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi hamda “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasi doirasida Sergeli tumani Xontepa mahallasida yangi “Yashil bog‘” barpo etish maqsadida ko‘chat ekish ishlari olib borildi.

Aksiya davomida 1,42 gektar maydonga jami 420 tup — pisardi olxo‘risi, lola daraxti, zarang, chinor, archa, mevali daraxtlar, yapon soforasi, katalpa, kashtan hamda shumtol kabi 4 yillik ko‘chatlar ekildi.

Mazkur hududga jami 1300 tadan ortiq ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan. Hudud doimiy nazoratga olingan bo‘lib, drenaj tizimi hamda 1680 p/m sug‘orish tarmog‘i ko‘chatlarning sog‘lom va barqaror bo‘y cho‘zishiga xizmat qiladi.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil “Yashil makon” mavsumi boshidan buyon poytaxt bo‘ylab 236 mingdan ortiq ko‘chat ekildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA