Jizzaxlik parasportchi Osiyo o‘yinlariga yo‘llanma oldi
Tayland poytaxti Bangkok shahrida parapauerlifting bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo va Okeaniya chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilayotgan jizzaxlik sportchi Ro‘za Qo‘ziyeva yana bir muhim yutuqqa erishdi.
Musobaqaning qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarida u o‘z vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritib, xalqaro maydondagi barqaror natijalarini yana bir bor tasdiqladi. E’tiborlisi, ushbu natija orqali sportchimiz kelgusi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumki, Ro‘za Qo‘ziyeva “Parij–2024” Paralimpiya o‘yinlarida kumush medalga sazovor bo‘lib, mamlakatimiz parasporti tarixida munosib o‘rin egallagan edi. Uning bugungi yutug‘i yuksak mahorat, mustahkam iroda va izchil tayyorgarlik samarasi ekanini yana bir bor namoyon etdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday nufuzli musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan har bir natija sportchilarning xalqaro reytingdagi o‘rnini mustahkamlash bilan birga, ularning yirik kompleks musobaqalarga saralanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish joiz, mazkur muvaffaqiyat ortida viloyat sport maktablari, tajribali murabbiylar va mutaxassislarning ko‘p yillik samarali mehnati mujassam. Bugun jizzaxlik sportchilarning xalqaro arenalardagi ishtiroki va yutuqlari izchillik kasb etib, yangi avlod sportchilari uchun ham kuchli rag‘bat bo‘lmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri