Jizzax viloyatining xalqaro kredit reytingi ma’lum bo‘ldi
Jizzax viloyatining xalqaro kredit reytingi “BB –” darajasida, prognoz esa “Barqaror” deb belgilandi. Bu haqda kuni kecha viloyat hokimligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Tadbirda viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Azimov, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, xalqaro Fitch Ratings agentligi tomonidan o‘tkazilgan baholashda hududning iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlari, moliyaviy holati va kredit qobiliyati o‘rganilgan. Agentlik ma’lumotlarida Jizzax viloyatida iqtisodiy o‘sish sur’atlari mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekani ham ta’kidlangan.

Matbuot anjumanida viloyatda amalga oshirilayotgan yangi loyihalar, ularni foydalanishga topshirish muddatlari va eksport salohiyati yuzasidan ham ma’lumot berildi. Jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri