Iste’molchilar manfaati yo‘lida NNTlar bilan hamkorlik kuchaytiriladi
Raqobat qo‘mitasi hamda "German Sparkassenstiftung for International Cooperation" (Germaniya) tashkiloti bilan hamkorlikda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Davra suhbatida Germaniya xalqaro hamkorlik jamg‘armasining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda sohaga daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyatini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Shuningdek, NNTlarning davlat ijtimoiy buyurtmalarida ishtirokini kengaytirish masalalari va tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash, fuqarolar murojaatlarini qonuniy ko‘rib chiqish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda Fuqarolik kodeksi talablarini qo‘llash, Germaniya hamda Yevropa mamlakatlari tajribasini o‘rganish, shuningdek, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish va reklama monitoringi bo‘yicha ilg‘or amaliyotlarni joriy etish maqsad qilingan.

Tadbirda sohadagi mavjud muammolar, NNTlar uchun yaratilgan huquqiy imkoniyatlar, ijtimoiy buyurtmalarni amalga oshirish samaradorligi hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik nazoratining o‘rni muhokama qilindi.
Xususan, NNTlar oldida turgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha mavjud mexanizmlarni takomillashtirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, hududlarda NNTlar tomonidan «sirli mijoz» va nazorat xaridi tadbirlarini muntazam o‘tkazish, ularning natijalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish hamda jamoatchilik e’tiborini iste’molchilar huquqlariga rioya etilishi masalalariga qaratish muhim ahamiyatga ega ekani haqida ham fikrlar bildirildi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA