Jismoniy tayyorgarlik sinovdan o‘tdi
Andijon viloyatidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashabbusi bilan xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini ommalashtirish maqsadida turli yoshdagi fuqarolar o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Marhamat tumanidagi 39-umumta’lim maktabining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari ham yuqori saviyada tashkil etildi.

Sport sinovlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olganlar yurtimizda aholining, ayniqsa, yosh avlodning salomatligini mustahkamlash, sport bilan shug‘ullanishi, jismoniy imkoniyatlarini kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.

Sinov jarayonlarida o‘quvchilar tomonidan tezlik, kuch, chaqqonlik, harakatlarni muvofiqlashtirish kabi muhim jismoniy sifatlarni namoyon etishga qaratilgan amaliy mashqlar bajarildi. Ishtirokchilar o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish bilan birga, sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada mustahkamladi.

Yurtdoshlarimizga ijtimoiy imkoniyat va imtiyozlar beradigan jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha sinovda qatnashish uchun arizalar my.sport.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.