JCh-2026. Shotlandiya Gaiti ustidan g‘alaba qozonib, guruhda peshqadamga aylandi
2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichining 1-turi doirasida "C" guruhidan o‘rin olgan Gaiti va Shotlandiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi.
2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichining 1-turi doirasida "C" guruhidan o‘rin olgan Gaiti va Shotlandiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv yakunlandi. AQShning Foksboro shahridagi "Jillett" (Gillette Stadium) stadionida kechgan bahsda shotlandlar 1:0 hisobidagi kichik g‘alabani tantana qilishdi.
Uchrashuvni jazoirlik bosh hakam Mustafo Gorbal boshqarib bordi.
O‘yinning taqdirini hal qilgan yagona gol 28-daqiqada urildi — Shotlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Jon Makginn raqib darvozasini aniq nishonga oldi.
Ushbu guruhning qolgan ikki vakili — Braziliya va Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etilgan edi. Guruh bosqichining 2-turida shotlandlar Marokash termasi bilan kuch sinashsa, Gaiti terma jamoasi Braziliyaga qarshi maydonga tushadi. Har ikkala uchrashuv ham 20-iyun kuniga rejalashtirilgan.
Ilk tur o‘yinlaridan so‘ng, Gaiti ustidan g‘alaba qozongan Shotlandiya terma jamoasi 3 ochko bilan "C" guruhida yakka peshqadam bo‘lib oldi.