JCH-2026: O‘zbekiston terma jamoasi omadli guruhga tushdimi?
AQSH poytaxti Vashingtonda futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionati uchun o‘tkazilgan qur’a natijalari murabbiylarda muxlisu mutaxassislarda turfa fikrlarni keltirib chiqardi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, qaysidir guruh omadli, qay biri eng g‘alvali, yana boshqasi tumanli ko‘rinishni olgan vaziyatda Portugali, Kolumbiya, O‘zbekiston va kelasi yil mart oyida o‘tadigan pley-off o‘yini orqali omadlisi joy oladigan Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya futbol jamoalarini jamlagan “K” guruhi biz uchun omadli-omadsizligi to‘g‘risida ko‘pchilik bashorat qilayotgan pallada aytish kerakki, barchasiga guruh o‘yinlari yakunida guvoh bo‘lamiz.

Jahon chempionati o‘z nomi bilan katta musobaqa. Bu joyda kuchsizlar bo‘lmasligi tayin. Yo‘lga chiqqan inson manzilga yetishni orzu qilganidek, chempionat chiptasini naqd qilgan jamoa borki, muvaffaqiyatga erishish umidida rejalarni belgilaydi.
Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines qur’a natijalari haqida fikr bildirib, guruhdan mamnunligini, JCH-2026 ga tayyorgarlikni boshlash fursati kelganligini, Kolumbiya va O‘zbekiston jiddiy raqobatchi jamoalar ekanligini ta’kidlagan bo‘lsa, milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov “K” guruhdan keyingi bosqichga chiqish imkoniyatimiz yetarli ekanligini, qur’ada har narsa bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Yana bir qiziq holat. JCH-2026 qur’a natijalari bir qator milliy terma jamoalar o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yinlari singari futbol assotsiatsiyalari kelishuviga ko‘ra, O‘zbekiston va Portugaliya milliy terma jamoalarining kelgusi yil mart oyida rejalashtirilgan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazilishi masalasini ham yo‘qqa chiqardi.
Endi ha ikki terma jamoa belgilangan o‘rtoqlik o‘yinlari uchun yangi jamoa qidirishiga to‘g‘ri keladi.
Xo‘sh, aslida ham ko‘pchilik futbolchilar, mutaxassislar ta’kidlagandek “K” guruh biz uchun omadlimi?

Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biri sanalgan Portugaliya yoki jahon chempionatlarida olti bor ishtirok etgan okean orti mamlakati bo‘lgan Kolumbiya bilan bitta kvartetda ekanligimiz, guruhdan 2 ta jamoa keyingi bosqichga chiqishini nazarda tutsak, O‘zbekiston terma jamoasining omadli guruhdaligi so‘zsiz har bir uchrashuvda natijaga erishishida namoyon bo‘ladi.
Raqiblarimiz haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Janubiy Amerika qit’asida joylashgan Kolumbiya davlati FIFA reytingida joriy yil iyul oyi holatida 14-o‘rinda qayd etilgan. Mamlakat FIFA reytingida eng yaxshi ko‘rsatkich - 3-o‘ringa 2013 yil iyul—avgust oylarida, 2014 yil sentyabr oyida, 2015 yil martida, 2016 iyun—avgust oylarida erishgan. Kolumbiya terma jamoasi 1962 yildan jahon chempionatida ishtirok etib keladi.
2024 yili Braziliyada o‘tgan jahon chempionati Janubiy Amerika qit’asi vakillari uchun har jihatdan omadli kelgan.
Janubiy Amerika qit’asi vakillari 20-jahon chempionatining “S” guruhida Gretsiya, Kot-d’Ivuar, Yaponiya terma jamoalarini mag‘lub etib, 9 ochko bilan keyingi bosqichga yo‘l olgan va 1/8 finalda Urugvayni mag‘lub etgan, 1/4 finalda esa Braziliya terma jamoasiga 1:2 ko‘rinishida mag‘lub bo‘lgan.
2001 yili Amerika kubogida chempionlikka, 2024 yili kumush medalga ega chiqqan Kolumbiya terma jamoasiga 2022 yildan beri Nestor Gabriel Lorenso bosh murabbiylik qilib kelmoqda.
Bir necha yillar Argentina terma jamoasida futbolchi sifatida harakatlangan, keyinchalik Yevropa va Amerika qit’asidagi qator klublarda murabbiy sifatida faoliyat olib borgan 59 yoshli Lorenso 2012—2019 yillar davomida ham Kolumiya terma jamoasida murabbiylik qilgan.
“K” guruhining yetakchi jamoasi hisoblanayotgan Portugaliya jahon chempionatlarida to‘qqiz marta qatnashgan. 1966 yili bronza medaliga sazovor bo‘lgan, Jamoa bir marta Yevropa chempionligiga, bir marta kumush medalga, uch marta bronza medallariga egalik qilgan.
Ikki marta UEFA kubogini vataniga olib kelgan Portugaliya terma jamoasida 2023 yildan beri Roberto Martines bosh murabbiy sifatida ish olib bormoqda. Ushbu mutaxassis 2016—2022 yillar davomida Belgiya terma jamoasida bosh murabbiylik qilgan.
Ko‘rinib turibdiki, ko‘pchilik nazdida O‘zbekiston terma jamoasining “K” guruhidagi asosiy raqiblari sanalgan Portugaliya va Kolumbiya futbol jamoalari biz o‘ylaganimizdek, u qadar “yumshoq” emas. Katta futbol karvonida uzoq yo‘lni bosib o‘tgan bu jamoalardan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari faqat professionallik, qat’iyat, sovuqqonlik hisobiga ustunlikka erishishi mumkin bo‘ladi. Hali guruhdan joy olish yo‘lida pley-off “bekati”da bitta o‘rin uchun navbatda turgan Kongo bo‘ladimi, Yamaykami, Yangi Kaledoniyami, hech biri yashil maydonning “sovg‘asi” bo‘lmasligi kundek ravshan.
Demak, jahon chempionatining shov-shuvlarga, his-hayajonlarga to‘la yangi davri, yangicha mulohazalari, o‘rtoqlik o‘yinlari, fikru-mulohazalari davri nafaqat biz, balki dunyodagi millionlab muxlisu-mutaxassislari uchun boshlandi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA