JCH-2026: Germaniya va Niderlandiya pley-offda "qoqil"di
Germaniya va Niderlandiya terma jamoasi mundialni bu tarzda tark etishini kutmagan edi. Paragvay va Marokash esa...
AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan futbol bo‘yicha XXIII jahon chempionati pley-off bosqichida yana ikki sensatsion natija qayd etildi. Germaniya va Niderlandiya terma jamoalari musobaqa bilan xayrlashgan bo‘lsa, Paragvay hamda Marokash keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Paragvay va Germaniya o‘rtasidagi bahsning asosiy hamda qo‘shimcha vaqtlari 1:1 hisobida yakunlandi. Janubiy amerikaliklar safida Xulio Ensiso 42-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim avvalida Kay Havers muvozanatni tikladi. Qo‘shimcha bo‘limning 102-daqiqasida Germaniyaning goli VAR qarori bilan bekor qilindi.
Penaltilar seriyasida esa Paragvay 4:3 hisobida ustun kelib, nimchorak finalga yo‘l oldi.
Mazkur bahsda Paragvay terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati pley-off bosqichida gol urdi. Germaniya darvozaboni Manuel Noyer esa mundialda ketma-ket o‘ninchi uchrashuvida gol o‘tkazib yuborib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha antirekordni takrorladi. Shundan so‘ng tajribali darvozabon terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Paragvay endi chorak final yo‘llanmasi uchun Fransiya — Shvetsiya juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Yana bir uchrashuvda Marokash Niderlandiyani penaltilar seriyasida 3:2 hisobida mag‘lub etib, nimchorak finalga chiqdi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 1:1 hisobida tugadi. Niderlandiya safida Kodi Gakpo 72-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Marokash 90+1-daqiqada Issa Diopning goli evaziga muvozanatni tikladi.

Marokash nimchorak finalda Kanada terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv 4-iyul kuni AQSHning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tadi.
Bugun, 30-iyun kuni pley-off bosqichining navbatdagi bahsida Norvegiya va Kot-d’Ivuar terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Mamlakatimiz vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadigan ushbu uchrashuv g‘olibi nimchorak finalda Yaponiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.
Ma’lumot uchun, Toshkent vaqti bilan 1-iyul kuni soat 02:00 da Fransiya va Shvetsiya, soat 06:00 da Meksika hamda Ekvador terma jamoalari raqobatlashsa, 21:00 da Angliya va Kongo DR termalari bahsiga guvohi bo‘lamiz.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA