Jazo muqarrarligi — jamiyat xavfsizligining kafolati
Burchga sadoqat — o‘z kasbiga, Vataniga va berilgan va’dasiga sodiq qolish, hatto eng og‘ir va xavfli vaziyatlarda ham o‘z manfaatlaridan voz kecha olish demak.
Tarixda Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimizning jasorati zamirida aynan burchga sadoqat yotadi. Bugun ham tinchligimizni qo‘riqlayotgan posbonlar, yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlayotgan xodimlar har kuni o‘z ishiga sadoqati bilan bizning xavfsizligimizni kafolatlaydi.
Toshkent shahrida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan YPX xodimi — Hosilbek Eshnazarov xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan yodgorlik poytaxt jamoatchiligi uchun chuqur ma’naviy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.
Yodgorlik poyiga qo‘yilgan gullar, o‘qilgan duolar va bildirilgan hamdardlik so‘zlari bitta haqiqatni yana bir bor eslatdi: tinchlik va xavfsizlik yo‘lida xizmat qilayotgan har bir xodimning hayoti jamiyat uchun beqiyos hikmat.
Yo‘l harakati qoidalariga amal qilish oddiy talab emas, bu inson hayoti bilan bog‘liq masala. Har bir haydovchi rulga o‘tirar ekan, o‘zining ham, boshqalarning ham hayoti uchun javobgarlikni zimmasiga oladi. Afsuski, ba’zan beparvolik, yoshlar orasidagi mas’uliyatsizlik yoki o‘zini qonundan ustun qo‘yish kabi holatlar og‘ir fojealarga sabab bo‘lmoqda.

Qonun ustuvorligi ta’minlanadigan jamiyatda har qanday qoidabuzarlik o‘ziga yarasha javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Yo‘llarda tartib-intizom bo‘lmasa, xavfsizlik bo‘lmaydi. Qoidani buzish — bu faqat jarima masalasi emas, bu inson taqdiriga bevosita ta’sir qiladigan omil. Shuning uchun ham jazo har doim muqarrar bo‘lishi kerak. Qonun oldida hech kim imtiyozga ega emas.
Ayniqsa, yoshlar orasida transport vositasini mas’uliyatsiz boshqarish holatlari jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ota-onalar ham bu borada farzandlarining tarbiyasi va xatti-harakatlariga befarq bo‘lmasligi lozim.
Farzandga qimmat avtomobil berishdan avval, unga mas’uliyat, tartib-intizom va qonunlarga hurmatni o‘rgatish zarur. Aks holda, bunday beparvolik jamiyat uchun ham, oila uchun ham og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Yodgorlik ochilish marosimi nafaqat bir inson xotirasini e’zozlash, balki jamiyat uchun muhim saboq bo‘lib yangradi. Chunki har bir fojea ortida og‘ir dard, yetim qolgan farzandlar, motam tutgan oila turadi.
Bunday voqealar jamiyatni hushyor torttirishi, yo‘llarda mas’uliyat va madaniyatni kuchaytirishi kerak.
Yo‘l qoidalariga amal qilish — bu o‘z hayotimizni, yaqinlarimizni va butun jamiyatni asrash. Har birimiz shuni unutmasligimiz kerak: yo‘ldagi bir lahzalik beparvolik umr bo‘yi tuzalmas fojeaga aylanishi mumkin.
Marhum xodim xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik esa kelajak avlodlarga ham bir haqiqatni eslatib turadi: qonun va tartibni saqlash yo‘lida xizmat qilgan insonlarning fidoyiligi hech qachon unutilmaydi.
Otabek Jiyanboyev,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati
O‘zA