Yangi avlod, yangi g‘oyalar, yangi cho‘qqilar sari
FOTOREPORTAJ
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi bosqichda izchil amalga oshirilib, yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, o‘z iqtidori va salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, tashabbus va g‘oyalarini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ana shu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash, yoshlarning intellektual, ijodiy va innovatsion salohiyatini yuksaltirish, ularning mamlakat taraqqiyotidagi faol ishtirokini ta’minlash maqsadida Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030: yangi avlod yangi cho‘qqilar sari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Mazkur anjuman Prezidentimizning joriy yil 20-apreldagi “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
[gallery-29440]
Tadbirda ta’lim muassasalari rahbarlari, soha mutaxassislari, yosh olimlar, faol yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Anjuman davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning o‘rni va ishtiroki, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi faolligini kuchaytirish, qonun ijodkorligi jarayonlariga keng jalb etish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, 2030-yilgacha mo‘ljallangan yoshlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, uning mazmun-mohiyati hamda aholi, ayniqsa yoshlar hayotidagi ahamiyati xususida atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda so‘z olganlar Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida bilimli, tashabbuskor va vatanparvar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanishi, innovatsion g‘oya va startaplarni amalga oshirishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Konferensiyaning alohida qismi bandlik, innovatsiya va tadbirkorlik sohalariga bag‘ishlandi. Unda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kredit va grantlar ajratish, innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish masalalari yuzasidan amaliy takliflar ilgari surildi. Ishtirokchilar tomonidan yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish va hududlarda bandlikni ta’minlashga qaratilgan qator tashabbuslar bildirildi.
Shuningdek, tadbir doirasida yoshlarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini samarali amalga oshirish, yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Tadbir mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini izchil davom ettirish, intellektual salohiyatli va faol avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Xulosa o‘rnida aytganda, konferensiya yoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Kamola Yusupova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA