Jaziramadan saqlanish bo‘yicha mutaxassis tavsiyalari
“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, dam olish kunlari hamda 13-17-iyulda havo issiq bo‘ladi. Harorat 41-43 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda esa 44-46 darajagacha ko‘tariladi.
Bunday ob-havo sharoitida inson organizmi qizishi, suvsizlanishi, qon bosimi o‘zgarishi, yurak-qon tomir tizimiga ortiqcha yuklama tushishi, issiq urishi holatlari yuzaga kelishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga, ayniqsa xavf guruhiga kiruvchi fuqarolarga ehtiyotkorlik choralariga qat’iy amal qilishni tavsiya qilmoqda.
Kimlar issiq havoda salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lishlari kerak?
Jaziramadan organizmni qanday asrash lozim?
Bu savollarga SSV bo‘lim boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov batafsil javob beradi:
— 65 yoshdan oshgan keksalar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak, nafas yo‘llari va boshqa surunkali kasalliklari bo‘lgan bemorlar, yuqori qon bosimi yoki yurak dorilarini, «suv haydovchi», allergiyaga qarshi yoki psixotrop preparatlarini qabul qiluvchilar issiqlik ta’siriga nisbatan, ayniqsa, zaif hisoblanadi. Bu insonlarda chanqoqlik hissi kech paydo bo‘lishi, tana haroratini nazorat qilish qobiliyati pasayishi yoki surunkali kasalliklar zo‘rayishi mumkin. Shuning uchun ularning holatidan muntazam xabar olib turish lozim.
Issiqda organizm terlash orqali ko‘p miqdorda suyuqlik va mineral moddalarni yo‘qotadi. Chanqoqni kutmasdan, kun davomida oz-ozdan va tez-tez suv ichish zarur. Katta yoshli sog‘lom insonlar uchun odatda kuniga 2–3 litr atrofida suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Yurak, buyrak kasalliklari yoki shishga moyilligi bor bemorlar esa suyuqlik miqdorini shifokor tavsiyasiga ko‘ra belgilashi kerak.
Yengil, keng, havo o‘tkazuvchan va och rangli kiyimlar kiyish tavsiya etiladi. Paxta va zig‘ir kabi tabiiy matolar tananing nafas olishiga yordam beradi va terning bug‘lanishini yengillashtiradi. Ko‘chaga chiqqanda keng qirrali bosh kiyim, quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak va zarur hollarda oftobdan himoyalovchi kremdan foydalanish maqsadga muvofiq.
Og‘ir, yog‘li, qovurilgan, achchiq va hazm bo‘lishi qiyin ovqatlar organizmga ortiqcha yuklama beradi. Shuning uchun sabzavotli salatlar, yengil sho‘rvalar, qatiq, ayron, tvorog, tuxum, tovuq yoki baliq go‘shti, mevalar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Kun davomida 5-6-marta oz-ozdan ovqatlanish maqsadga muvofiq.
Taxminan soat 11:00 dan 17:00 gacha ochiq quyosh ostida yurishni cheklash kerak. Zarur ishlarni ertalab yoki kechki salqin vaqtlarga qoldirish maqsadga muvofiq. Agar ko‘chaga chiqish zarur bo‘lsa, soya yo‘laklardan yurish, bosh kiyim kiyish, yoningizda suv olib yurish va har 15–20 daqiqada oz-ozdan suv ichish tavsiya etiladi.
Hech qachon bolalarni, keksalarni yoki hayvonlarni avtomobil ichida yolg‘iz qoldirmang. Quyosh ostida turgan avtomobil ichida harorat bir necha daqiqada hayot uchun xavfli darajagacha ko‘tarilishi mumkin.
Esda tuting: issiq havoda eng muhim qoidalar — salqin joyda bo‘lish, yetarli suv ichish, yengil kiyinish, og‘ir ovqat va og‘ir jismoniy mehnatni cheklash, xavf guruhidagi yaqinlar holidan xabar olish va xavfli belgilarda tez tibbiy yordamga murojaat qilishdir.
M.Qosimova tayyorladi,
O‘zA