Toshkentda IT olami vakillari jamlandi (+video)
Avval xabar berganimizdek, Toshkentda mamlakatning eng yirik texnologik haftaligi — ICTWEEK Uzbekistan 2026 boshlandi.
Central Asian Expo Uzbekistan majmuasida o‘tayotgan haftalikning ochilishi doirasida bugun qator muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy ochilish marosimida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘zga chiqib, mamlakatimizda so‘nggi yillarda raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangi imkoniyatlar va texnologik taraqqiyot haqida gapirdi.
Shuningdek, ICT Expo 2026 ko‘rgazmasi ochilib, unda mahalliy va xorijiy kompaniyalarning texnologik yechimlari va yangi ishlanmalari namoyish etildi.
Birinchi kun doirasida Startup & Venture Summit ham o‘tkazildi. Unda startap asoschilari, investorlar, venchur fondlari va davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etib, startaplarni rivojlantirish, investitsiya jalb qilish va xalqaro bozorlarga chiqish masalalarini muhokama qildi.
Yana bir muhim tadbir — Uzbek–Japan Digital Community Forum bo‘ldi. Unda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik, investitsiya loyihalari va yangi texnologik imkoniyatlar muhokama qilindi.
Ayni paytda texnologik haftalik davom etmoqda. 25-sentabrga qadar ICTWEEK doirasida yana qator xalqaro sammitlar, forumlar, startap musobaqalari va texnologik tadbirlar o‘tkaziladi.
N. Rahmonova. N. Abduvoitov (video), S. Obidjonov (montaj), A. Alijonov (surat), O‘zA